Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farg‘ona vodiysida askaridoz va trixotsefalyoz, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda teniarinxoz kasalliklari keng tarqalgan

Samarqand shahridagi L.Isayev nomli tibbiy parazitologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida respublikamizda uchraydigan parazitar kasalliklarni zamonaviy tashxislash va ularni oldini olish usullari mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sankt-Peterburgdan tashrif buyurgan professor, parazitolog olim V.Turitsin (Rossiya) va klinika bosh vrachi L.Maxmudovalarning O‘zbekistonda keng tarqalgan gelmintozlar, polimeraz zanjir reaksiyasining parazitologiyada qo‘llanilishi, parazitar kasalliklarni tashxis qilishda zamonaviy yondashuv kabi mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

- Butunjahon sog‘likni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda ichak gelmintozlari bilan 1.4 milliard kishi kasallangan, - deydi rossiyalik tajribali olim. - Ular nafaqat inson salomatligi, balki, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ham behisob ziyon keltiradi. Jumladan, yurtingizda Farg‘ona vodiysida askaridoz va trixotsefalyoz o‘choqlari, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda teniarinxoz kasalliklari keng tarqalgan. Mazkur seminarning o‘tkazilishi aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ona va bola, o‘smirlar sog‘ligini muhofaza qilishda katta hissa bo‘ladi.

Viloyat davolash-profilaktika muassasalarining parazitolog-mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda, parazitar kasalliklarni aniqlash usullari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Dilmurod To‘xtayev.