Ijara uyda fohishaxona ochgan ayol ushlandi
Samarqand shahar Narpay ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida ijarada yashovchi Sarvinoz ismli ayol uyida fohishaxona tashkil qilganligi to‘g‘risida shahar 3-son IIB boshlig‘i nomiga ariza tushdi. Holat yuzasidan tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi. Tadbirga ko‘ra, IIB tomonidan yigit va qiz roliga “Fedya” va “Mahliyo” ismli shaxslar jalb qilindi.
O‘zini Fedya deb tanishtirgan yigit Sarvinozga qo‘ng‘iroq qilib: “Telefon raqamingizni tanishimdan oldim. Maylimi, uyingizda sevgan qizim bilan bir soat dam olsam”, dedi. Sarvinoz yo‘q demadi, yigitning iltimosini 100 ming so‘mga baholadi.
Voqea joriy yilning 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Kelishilgan tadbirga ko‘ra, Fedya va Mahliyo Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Narpay ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan biriga keldi. Eshikni ochgan Sarvinoz yigitdan 100 ming so‘m pulni olib, ularga bir xonani ajratib berdi. O‘zi esa mehmonga kelgan dugonasi Iroda bilan oshxonada bemalol suhbatlashib o‘tirdi. Ularning qizg‘in suhbatini eshik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qo‘ydi. Eshikni ochgan Sarvinoz ro‘parasida IIB xodimlarini ko‘rib, rangi quv uchdi.
Ijara uyida fohishaxona ochgan Sarvinoz ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Aniqlanishicha, ayol turmushidan ajrashgan bo‘lib, Narpay ko‘chasidagi ushbu xonadonni yaqinda ijaraga olgan va oson pul topish niyatida uyini fohishaxonaga aylantirgan ekan.
Sudda guvohlarning bergan ko‘rsatmalari asosida Sarvinozning aybi o‘z isbotini topdi. Sud hay’ati unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 131-moddasi, 2-qismi bilan 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinladi.
Nodir Aliyev,
Samarqand shahar prokuraturasi tergovchisi.