Ingichkada 40 nafar muhtoj fuqarolar yangi bunyod etilgan xonadon sohiblariga aylandi

Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida uysiz, kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar ham o‘z uy-joylariga ega bo‘lishmoqda.
O‘tgan yili viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Ingichkada bo‘lganida mahalliy aholi bilan suhbatlashib, fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ko‘p qavatli uylar qurish, shuningdek, qo‘rg‘on shifoxonasida qayta ta’mirlash ishlari o‘tkazish haqida topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari boshlandi.
Bugun Abdulla Qahhor mahallasida o‘sha 5 qavatli uydan ehtiyojmand 40 oilaga yangi xonadonlarning kaliti topshirildi.
Ingichkalik Dilnavoz Eshnayeva Kattaqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini, Oybek ko‘chasi, 21 uyda yashaydi, 1-guruh nogironi. Shu kunga qadar ikki oila-qarindoshlari bilan bir uyda yashar, tez-tez uy-joyning ustida nizo chiqib turardi. Bugun uning uchun eng quvonchli kun. Endi uning o‘z uyi bor.
– Men juda xursandman, – deydi D.Eshnayeva. – Keyingi paytlar juda tushkunlikka tushib qolgan edim. 3 farzandim bor, katta qizim o‘zim kabi nogiron. Bu uy hayotimni butkul o‘zgartirib yuboradi. Uy mutlaqo tekin berilganidan xursandman.
Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi M.Hoshimov ishtirok etdi.