Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kam gapiriladigan sohaning dolzarb muammolari o‘rganildi

Ushbu xastalikning omillari davlatlarning rivojlanish darajasiga ham bevosita bog‘liq. Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar, iqtisodiy holatlar inson ruhiyatiga, uning salomatligiga bevosita o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Shunday sharoitda insonni, uning ruhiyatini asrashning iloji bormi, agar bo‘lsa, buni amalga oshirishda shifokorlarning oldidagi vazifalar nimalardan iborat?

Samarqandda «Psixiatriya, tibbiy psixologiya va suitsidologiyaning dolzarb muammolari:  zamonaviy amaliyot hamda rivojlanish yo‘nalishlari» mavzusida o‘tgan ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shu masalalar muhokama etildi. Unda Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi o‘nlab davlatlarning soha bo‘yicha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori A.Shamsiyev konferensiya ishtirokchilari ishiga omad tilar ekan, mavzuning dolzarbliligi, olimlarning o‘zaro tajriba almashinuvi uchun ushbu konferensiyalarning ahamiyatiga urg‘u qaratdi.

- Bir paytlardagi ruhiyat buzilishiga ta’sir etuvchi omillar bilan bugungilari o‘rtasida keskin farq bor, - deydi tibbiyot fanlari doktori (Rossiya) V.Soldatkin. – Hatto rivojlangan hamda rivolanayotgan davlatlar aholisi orasida ham bu masalada tafovut mavjud. Ammo umumiy mushtarakliklar ham yo‘q emas. Deylik, bugun odamlarning tobora virtuallashuvi, o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolishi, qadriyatlarning, insoniylikning tobora kamyoblashuvi kishi ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu masalada sizlarda oilaviy qadriyatlarning saqlanib qolishi orqali qaysidir ma’noda ustunliklarni ko‘rish mumkin.

- Ma’ruzachilarning fikridan ko‘rinib turibdi, ruhiyatning buzilishi hollari sabablarida turli davlatlarda o‘ziga xoslik bor, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Sh.Qurbonova. – Bizda bu masalada oilaviy kelishmovchiliklar ustunlik qiladi. Qaynona-kelin, er-xotin kelishmovchiligi, turmushidan ajralish holatlari kabi omillar insonning ruhan qiynalishiga sabab bo‘ladi. Ushbu holatlarning oldini olish, insonning o‘z joniga qasd qilishi sabablarini o‘rganish hamda bu bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijasi bo‘yicha amaliy harakatlar yurtimizda ancha tezlashdi. Xususan, umumamaliyot shifokorlari aynan ruhiyat bilan ishlash bo‘yicha kurslarda o‘qitildi, ruhshunos mutaxassislar sonini oshirish choralari ko‘rildi, ularning oylik-maoshlari oshirildi.

Anjumanda sohaning yetakchi mutaxassislari sho‘’balarga bo‘lingan holda ma’ruza o‘qib, o‘zaro tajriba almashishdi.

Gulruh MO‘MINOVA.