Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Robototexniklarimiz 24 mamlakat o‘rtasida oliy o‘ringa sazovor bo‘ldi

Avval xabar berganimizdek, “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garak a’zolari “Youth Techno Art — 2019” bolalarning texnik ijodkorligi xalqaro tanlovi g‘oliblaridan tashkil topgan mamlakatimiz terma jamoasi Janubiy Koreyada robototexnika yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan “International young robot competitions” (IYRS) – 2019 xalqaro tanlovida ishtirok etdi. 

Mazkur tanlovda jahonning 24 davlatidan kelgan 700 nafar o‘quvchi-yoshlar o‘z loyihalari bilan qatnashdi. Tanlovda terma jamoamizning “Imkoniyati cheklanganlar uchun mo‘ljallangan nogironlik aravachasini neyroimpulslar orqali boshqaruvchi robot” hamda “Favqulodda vaziyatlar holatida inson hayotini qutqarish” kabi loyihalari xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.

- Musobaqada respublikamizdan qatnashgan eng iqtidorli 12 nafar yoshlar orasida markazimiz o‘quvchisi Shukurbek Ro‘zimurodov ham o‘z loyihalarini namoyish qildi va o‘z yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, - deydi Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori Nargiza Qobilova. -  Shukurbekning robototexnik ishlanmalari soha mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Terma jamoamiz barcha nominatsiyalar bo‘yicha gran-pri g‘olibi deb topildi va oliy o‘ringa sazovor bo‘ldi. Yosh ixtirochilarimiz yakunda sakkizta medal, ikkita kubok hamda 2020 yil Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tadigan robototexnika tanloviga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Sulaymon MARDIYeV.