Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda g‘avvoslar o‘qitilmoqda

Samarqand shahrida joylashgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida g‘avvoslar uchun maxsus tayyorgarlik kurslari tashkil etildi.

O‘quv jarayonlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalari qutqaruv otryadlari va tarkibiy tuzilmalariga yangi ishga qabul qilingan xodimlar qatnashmoqda.

- Joriy yilning 7 sentyabridan boshlangan mashg‘ulotlar ikki oy davom etadi, - deydi markaz o‘quv jarayonini tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i, mayor Jobir Mamasoliyev. - Mazkur o‘quv dasturi 288 soatdan iborat bo‘lib, g‘avvoslarga ularning vazifalari, sho‘ng‘ish, xavfsizlik qoidalari, hujjatlar yuritish tartiblari haqida tushunchalar beriladi. Shuningdek, o‘quv kursi tinglovchilarida tibbiy ta’minotni tashkil etish, zamonaviy asbob-anjomlardan to‘g‘ri foydalanish, ularni saqlash, tekshirish va dezinfeksiya qilish bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalar shakllantirildi.

O‘quv mashg‘ulotlari yakunida imtihon o‘tkazilib, sinovdan o‘tgan tinglovchilarga maxsus sertifikat beriladi va o‘z xizmat faoliyatini  boshlaydi.

Aslidin IRGAShEV,

markaz o‘qituvchisi, mayor.