Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sog‘lom va yosh ko‘rinishni istasangiz, lavlagi iste’mol qiling

Ibn Sino “Tib qonunlari” asarida qizilcha (qizil lavlagi)ning foydali xususiyatlariga baho berar ekan, “U jigar va taloqdagi zararli tiqinlarni ochuvchi, buyrak va qovuq kasalliklarida hamda bavosilda shifo berguvchidir”, deb yozadi. Ulug‘ hakimning ta’kidlashicha, qizilcha bargi bo‘g‘im og‘rig‘i va yara-chaqalarni davolashda ishlatiladi, siqib olingan suvi sochdagi qazg‘oqni ketkazadi, yuzdagi husnbuzarni davolaydi, sepkilni yo‘qotadi.

Immunitetni mustahkamlaydi

Ilgari qizil lavlagidan faqat dori sifatida foydalanishgan ekan. Hozirgi zamon olimlari uning salomatlik va uzoq umr ko‘rishga katta ta’sir ko‘rsatadigan mo‘’jizakor ne’mat ekanligini tasdiqlamoqda.

Tarkibidagi vitamin A va vitamin R tomirlarni qayishqoq va mayin qiladi, yurak-tomir kasalliklari, ayniqsa, gipertonik xastaliklar rivojlanishining oldini oladi. Lavlagida “betain” degan organik modda bor. U qondagi xolesterin darajasini pasaytiradi, jigar ishini me’yorlashtiradi. Bu ne’mat tarkibidagi vitamin S organizmning infeksion va shamollash kasalliklariga qarshilik kuchini oshirib, immunitetning mustahkamlanishida ko‘maklashadi.

Qon ishlab chiqarishda ishtirok etadi

Lavlagida folat kislota mavjud. U qon yaratilishi uchun zarur bo‘lib, eritrotsitlar, leykotsitlar va trombotsitlar hosil bo‘lishida qatnashadi. Shuningdek, lavlagida temir, kalsiy, magniy, fosfor, kolbat ham bor.

Teri-tanosil kasalliklarini davolaydi

“Tibbiy o‘gitlar” asarida Ibn Sino shunday yozadi: “Qizil lavlagining shirasi va bargining qaynatmasi sovuqdan yorilganga foyda qiladi. Agar sepkil va dog‘ bor joyni soda bilan yuvib, keyin lavlagining bargini qo‘yib bog‘lansa ketkazadi. Bargining siqib olingan suvi burga va bitni o‘ldiradi, osilib turgan so‘gallarni ko‘chiradi. Lavlagi bargining qaynatilgani olovdan kuyganga yaxshi ta’sir qiladi. Asal bilan qo‘shib surkalsa, temiratkini davolaydi. Yaralarga qo‘yib bog‘lansa tuzatadi…”.

Tibbiyotda qo‘llanilishi

Zamonaviy tabobatda qizil lavlagi me’da-ichak, jigar, o‘t yo‘llari kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Sharbati kuchli o‘t haydash xususiyatiga ega. Pishirilgani qabziyatda yaxshi yordam beradi, bu ne’mat ayniqsa kamqonlikda foydali. Sharbati hazm jarayonini yaxshilash barobarida moddalar almashinuvida ham faol ishtirok etadi. Qandli diabet, qabziyat, kamqonlik, ateroskleroz, tireotoksikoz singari dardlarni tuzatishda yordam beradi.