Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Talaba o‘qishga velosipedda qatnasa bo‘lmaydimi?

Bir paytlar gazeta sahifalarida latifanamo gaplar paydo bo‘lgandi. Institut hovlisi talabalarning mashinalari bilan to‘lgani uchun kechroq kelgan ustozlar o‘z avtomashinalarini qayerga qo‘yishni bilmay sarson bo‘lishardi... Bu biroz kinoyali, aslida haqiqatga yaqin voqelik.

Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Talabalarning o‘zlari ta’lim muassasasi rahbariyatidan shaxsiy avtomobillarini joylashtirish uchun institut hovlisidan joy talab qilmoqda. Shuningdek, ta’lim muassasasining kirish darvozasi oldida qatorlashib turgan avtomashinalar karvoni noqulayliklarni yuzaga keltirib, yo‘l harakatiga ham, piyodalarga ham xalaqit qilayotgani to‘g‘risidagi maqola (viloyatdagi bir nechta ta’lim muassasasi misolida) “Zarnews.uz” saytida e’lon qilingandi.

Tan olish lozim, Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga olib boruvchi Fitrat va Nodirabegim ko‘chalarida joylashgan oliygohning ikki asosiy darvozasi oldi qismi “avtoturargoh”ga aylangan. Hatto Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga tutashuvchi 8 metrlik ikki tomonlama yo‘lning har ikki tomonida erta tongdan to kechga qadar mashinalar qatorlashib turadi. Bu avtomashinalar shu ko‘chada joylashgan tashkilot xodimlari, talabalar va ustozlarga tegishli.

Institut rektori, professor X.Yunusov bu vaziyatni shunday baholaydi:

- Imkoniyatlarimizni chamalab, biz ayni kunda institut hududiga 65 tagacha avtomashina kirishi mumkinligini aniqladik. Shuningdek, kimlarning avtomashinasi institut hududidagi avtoturargohga kiritilishi bo‘yicha ham alohida 4 ta - yoshi 70 dan oshgan ustoz-murabbiylar, urush qatnashchilari va nogironlar, kun bo‘yi (soat 09:00 dan kech soat 18:00 gacha) ishlaydiganlar, oliygohga keluvchi mehmonlar uchun zaxira joy toifalari ishlab chiqildi.

Vaholanki, institutning umumiy yer maydoni 14,2 gektarni tashkil etadi. Belgilangan tartib qoidalar bo‘yicha ta’lim muassasaning har bir kafedrasi uchun hududda tajriba maydonchasi, vivariy (hayvonlar klinikasi), qo‘shimcha binolar bo‘lishi kerak.

Shuningdek, hududda ikkita talabalar turar-joyi joylashgan. Binolar, yo‘laklar atrofida 400 tupdan ortiq ko‘p yillik chinorlar bor, ularning yoshi kamida 200 yillik. Archazorlar ham tevarak-atrof havosini musaffo saqlaydi. Atrofdagi turar-joylarda yashovchi aholi ham kechki payt institut hovlisida aylanib, hordiq chiqaradi, bolalari bilan sayr qiladi. Soya-salqin joylar, sokinlik va toza havo ko‘pchilikni o‘ziga tortadi.

Keyingi yillarda institutning tarixiy ko‘rinishini asl holicha saqlab qolish harakati amalga oshirilmoqda.

Bu masala yuzasidan jahon tajribasiga e’tibor beriladigan bo‘linsa, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti hududi avtomashinalardan mutlaqo xoli. Chunki universitetda sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilinadi va vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga e’tibor qaratiladi. MDU atrofidagi kichik maydonda 7 qavatli pullik avtoturargoh tashkil etilgan. Ajablanarlisi, bu turargohning 3 ta qavati yer ostida qurilgan. To‘lovlarda hech kimga, hech qanday imtiyozlar berilmagan, narxlar ancha qimmat. Talabami, ustozmi, xizmatchimi, avtomashinasini qo‘ygani uchun soatiga haq to‘laydi.

Muammoni Germaniya, Fransiya, Italiya davlatlari misolida olsak, ularning hech birida talabalar shaxsiy avtomobillarda o‘qishga kelmaydi. U yerlarda talaba ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam sifatida e’tirof etiladi. Yevropada jamoat transportlari yoki velosipedlar keng qo‘llaniladi.

Bizda esa boshqacharoq. Albatta, talabalarning barchasida shaxsiy avtomobil yo‘q. Ammo oliy ta’lim muassasalari atrofidagi yo‘llarning avtomobillar hisobiga to‘silib qolayotgani, buning evaziga piyodalar va avtomashinalarning harakati cheklanib, ba’zi hollarda yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘layotgani ham bor gap.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Avtomashinalardan voz kechib, velosipedlarda o‘qishga qatnaymizmi?

Gulchehra BERDIYoROVA.