Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 4 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi barcha shahar va tumanlarda bayram tadbirlari tashkil etiladi.

Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini o‘tkaziladi. Mamlakatimizdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalarimiz haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etish belgilandi.

Shuningdek, sana munosabati bilan “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkaziladi.

Qarorda mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazish va “O‘zbek tilining do‘stlari” klublarini tuzish vazifasi belgilandi.

21 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi san’at saroylarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirlarini tashkil etiladi.