Hikoya. Birinchi parta

Sadir muallim ishdan ketar ekan. Direktor uning endi bu maktabda bir kun ham ishlamasligini aytibdi.

Bu xabar tezda maktab devorlaridan chiqib, butun mahallaga tarqaldi. Afsus, u ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan juda yaxshi o‘qituvchi edi: hech kimga ozor bermaydigan, halol mehnati bilan kun ko‘radigan, bolalar uchun to‘garaklarni ham bepul va beminnat o‘tadigan kamtar ustoz.

Bir kuni maktab yig‘ilishida o‘qituvchilarning ko‘pchiligi Sadir muallimning ketmasligini istab, direktorga qarshi chiqishibdi. Faqattilchilarjim turishgan, xolos.

– Bir kun ham ishlamaydi, – debdi direktor qat’iy. – Chunki u o‘quvchining qulog‘idan tortib, sinfdan haydab chiqargan. Keyin ota-onasi kelib uning aybini tan oldirganini telefon diktofoniga yozib olishgan. Bu audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Maktabimiz sha’niga putur yetkazdi bu ustoz.

Afsus, u bu ishni shu o‘quv yilida zo‘rg‘a topgan edi. Hozir o‘quvchilarni milliy sertifikatga tayyorlayotgan edi. Tayyorlayotgan o‘quvchilarining ko‘pchiligi yana bir oydan keyin “A+” darajadagi sertifikat olishiga uning ishonchi komil edi.

Aslida esa voqea butunlay boshqacha bo‘lgan. Bunga men va mening yigirmadan ortiq sheriklarim guvoh bo‘lganmiz. Qaniydi buni direktorga yoki ustozni ishdan bo‘shatishni talab qilgankattalar”ga ayta olsak. Qaniydi ular bizni eshitishsa. Afsus, ayta olmaymiz. Afsus, hech kim bizni eshitmaydi.

Ota-onasiga arz qilib borgan o‘sha bola – Shermat. Sinfdagi eng to‘polonchi, qaysar, uquvsiz o‘quvchi.

Bir kuni katta tanaffusda Sadir muallim kundalik.com ga baho qo‘yib o‘tirardi. Sinfxonada faqat klaviatura tovushi eshitilar, ba’zan muallimning yengil xo‘rsinishi quloqqa chalinardi.

Shunda eshik shap etib ochildi. Shermat kirib keldi. Uning yuzida har doimgi masxaraomuz tabassum.

O‘tgan safar darsingizdan qochib ketganimni zauch”ga chaqib beribsiz, – dedi u va muallimning javobini ham kutmasdan so‘zida davom etdi. – U onamga aytibdi. Men esa yolg‘on dedim. Baribir onam menga ishonadi. Bugun ham oxirgi soat sizniki ekan. Men ketyapman. Ishlarim bor. Orqamdan bir gap qilsangiz, mendan yaxshilik kutmang.

Sadir muallim bir lahza jim turdi. Kompyuter ekranidagi yorug‘lik uning ko‘zoynagiga tushib, ko‘zlarini yashirib qo‘ygan edi.

– Sen anchadan beri asabimga tegib yuribsan, Boqiyev, – dedi ustoz sokin ovozda. – Iltimos, hozir sinfdan chiqib ket. Mening ishim ko‘p. Tanaffus paytida ulgurmasam, direktordan gap eshitaman.

Shermat kuldi.

Chiqmayman. Chiqmasam, nima qilasiz? Urasizmi? Qani, chertib ko‘ring.

Muallim chuqur nafas oldi.

– Senga yaxshi gap bilan aytyapman. Biz o‘qigan davrda maktab muhiti boshqacha edi. Sinfimizda senga o‘xshagan qaysar bir bola bor edi. Bir kuni tinch o‘tirmagani uchun o‘qituvchi uning qulog‘idan tortib, sinfdan chiqarib yubordi. Uning nohaqlikka chidolmaydigan, kerak bo‘lsa butun mahallani boshiga ko‘taradigan baqiroq buvisi bor edi. O‘sha sinfdoshim hozir buvimni chaqirib kelaman, ustozga haqini beradi”, deb chiqib ketdi. Birozdan keyin esa shumshayib qaytib keldi. Kirib kelgach, ustozdan uzr so‘radi. Keyin bilsak, buvisi: “Agar ustozing qulog‘ingdan tortgan bo‘lsa, demak sening aybing bor. Maktabingga qayt, ustozingdan uzr so‘ra”, deb yuziga shapaloq tortib jo‘natib yuborgan ekan.

– Menga bu ertaklaringiz qiziq emas! – dedi Shermat jahl bilan. – Darsingizga qatnashmayman, vassalom. Ortimdan chaqma-chaqarlik qilmang!..

U hatto so‘kinib ham qo‘ydi.

Shunda ustoz chidolmadi. O‘rnidan turdi. Bir qo‘libilan Shermatning qulog‘idan yengil ushladi, ikkinchi qo‘lini yelkasiga qo‘yib uni eshik tomon boshladi.

– Zamon ko‘targanda edi, shu qulog‘ingni uzib qo‘lingga berib yuborardim, dedi u asabiy. – Darsimga kirmasang ham mayli. Hech kimga aytmayman. Faqat hozir asabimga tegma. Bor!

Shermat qarshilik qilmadi. O‘zi yurib chiqib ketdi. O‘sha kuni darsga ham kirmadi.

Ertasi kuni katta tanaffusda u bir ayol bilan birga kirib keldi. Ayolning qo‘lida telefon bor edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u suhbatni yozib olayotgan ekan.

O‘g‘limni qulog‘idan tortib, yelkasiga urib, itarib sinfdan chiqarib yuboribsiz! Nima haqqingiz bor? – deb tinmay baqira ketdi ayol.

Shoshmang, opa, – dedi ustoz ayol nafas olishuchun bir lahza to‘xtaganida. – Aslida o‘g‘lingiz kattaroq jazoga loyiq. Agar mening o‘g‘lim bo‘lganida...

To‘xtang! dedi ayol. Qulog‘idan tortganingiz rostmi?

Qulog‘idan ushlaganim rost, lekin...

Demak, rost! Sinfdan chiqarib yuborganingiz-chi?

Chiqarganim rost, lekin itarib emas...

Bo‘ldi! Menda boshqa savol yo‘q! dedi ayol. – Demak, o‘g‘lim aytgan gaplar rost: qulog‘idan tortgansiz, yelkasiga urgansiz, itarib chiqargansiz.

Shu bilan u o‘g‘lini yetaklab sinfdan chiqib ketdi.

Bu voqeaga ham ularga eng yaqin turgan men va yana bir nechta sheriklarim guvoh bo‘lganmiz. Achinarlisi, hech kimga aytolmaymiz.

Mana uch-to‘rt kundan beri Sadir muallim darsga kelmayapti. Aytishlaricha, u o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozibdi. Aslida esa bu uning xohishi emas.

Agar Shermatning otasi qaysidir tashkilotda rahbar bo‘lmaganida, onasi esa shantaj qilib ustozni ishdan bo‘shatishni talab qilmaganida, Sadir muallim o‘zining sevgan kasbidan voz kechmas edi.

Chunki u o‘qituvchilikdan boshqa ishni yaxshi bilmasdi.

Bir vaqtlar o‘qituvchilar oyligi kamayib ketganda u maktabni tashlab, mardikorlik ham qildi – eplolmadi. Xorijga ishlashga ketdi – omadi kelmadi. Keyin o‘qituvchilarga yana imkoniyatlar yaratilayotganini eshitib qaytib keldi. Malaka oshirdi. Zo‘rg‘a shu ishga kirdi.

Olti oy ishlab, bir necha yildan beri ijarama-ijara yurishdan charchagan oilasi uchun kreditga uy ham oldi. Maktabdagi oyligi esa ikki farzandi, kasal xotini va kredit to‘lovlariga zo‘rg‘a yetardi.

Uning maktabdagi ishidan umidi katta edi: shogirdlari milliy sertifikatdan “A+” olishi, o‘quvchilari olimpiadalarda g‘olib bo‘lishi, o‘zi esa oliy toifaga ega bo‘lib, oyligi oshishi...

Sadir muallimning yana qanday dardlari bor – bilmayman. Keyingi taqdiri nima bo‘ladi – hayronman.

Ammo Shermat va uning onasi uchun go‘yo bu hokisor ustozni ishdan bo‘shatishdan boshqa tashvish yo‘q edi.

Men boshqalarni bilmayman, ammo Shermatni yaxshi bilaman. U o‘ziga o‘xshagan bir qizni sevadi. Ularning dastidan sheriklarimning yuziga dog‘ tushgan. Yaqinda esa men ham ularning “sevgisi”dan aziyat chekdim.

Chunki Shermat aslida doim oxirgi partada o‘tirardi. Xohlasa uxlardi, xohlasa boshqa ishlar bilan shug‘ullanardi. Darslarga hech qachon qiziqmasdi.

Maktabga yangi kelgan Sadir muallim uni tartibga chaqirishga harakat qildi. Bir kuni darsida uni birinchi partaga o‘tirishga chaqirdi.

Shermat istamagan holda kelib o‘tirdi.

Ustoz uni turli yo‘llar bilan darsga qiziqtirishga urinib ko‘rdi. Afsuski, unga aql kirmadi.

Men esa bir marta Sadir muallimdan shu ishi uchun xafa bo‘lganman.

Agar muallim Shermatni BIRINCHI PARTAga – ya’ni, MENga o‘tirishga majbur qilmaganida edi, yuzimga ikki yurakcha shakli chizilmagan, ularning ichiga esa “Sh” va “O” harflari o‘yib yozilmagan bo‘lardi...

Charos NARZULLAYЕVA.