MIB Bulung‘urda o‘zlashtirilgan 29 milliondan ortiq pullarni aniqladi

Foto:gazeta.uz

Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limida joylashgan “Ipotekabank” ATIB Samarqand viloyat filialining 30-sonli jamg‘arma kassasida tekshirish o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2017-2019 yillar davomida energiya resurslari tarmog‘idan uzilgan 39 nafar iste’molchilar tomonidan tarmoqqa qayta ulanish uchun to‘langan 14 million 898 ming so‘m pul mablag‘lari va bo‘lim davlat ijrochilari ish yurituvida mavjud bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha 46 nafar fuqarolar tomonidan davlat foydasiga to‘langan 8 million 938 ming so‘m pul mablag‘lari uchun bank muhri tushirilgan to‘lov kvitansiyalari berilgan. Biroq, o‘rganish davomida bu pullar bank kassa dasturiga kirim qilinmasdan o‘zlashtirib yuborilgan.

Bundan tashqari, tekshirish davomida bo‘lim davlat ijrochilari ish yurituvidagi 19 ta ijro hujjatlariga qo‘shilgan to‘lov kvitansiyalari bilan bank filialida mavjud bo‘lgan to‘lov kvitansiyalari taqqoslab ko‘rilganda yana  6 million 410 ming so‘m pul mablag‘lari uchun bank muhri tushirilgan to‘lov kvitansiyalari mavjudligi aniqlandi. Lekin bank filialida xuddi shu ijro hujjatlari uchun 593 ming so‘mlik bank muhri tushirilgan soxta to‘lov kvitansiyalari mavjudligi aniqlanib, o‘rtadagi farq 5 million 616 ming so‘mni tashkil qildi.

Umumiy hisobda jamg‘arma kassa xodimlari J.Qurbonov va Husan Abdullayevlar davlat foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan 29 million 453 ming so‘m pullarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.