O‘zbek adabiy tilining bugungi holati qanday?

O‘zbek adabiy tili nafaqat turkiy tillar orasida, balki dunyoning boshqa zamonaviy tillari orasida ham o‘zining go‘zal badiiy, tasviriy ifodalarga, iboralarga,  qochirim va kinoyalarga boyligi, sayqallanib, serjilo bir holatga kelganligi bilan ajralib turadi.

 Boshqa til vakillari ham o‘z ona tillari haqida bu kabi fikrlarni aytishlari mumkindir, ammo xalqimiz orasidan yetishib chiqqan buyuk olim-u ulamolar, alloma so‘z san’ati ustalari, tilimizda yaratilganchalik ko‘p va xo‘b nazmiy va nasriy asarlari borligi bilan maqtana olmaydilar. Shuning uchun ham tilimizni o‘rganayotganlar unda yaratilgan ming yillik badiiy asarlarni tarjimada emas, asl holida o‘qish istagini bildiradi. O‘zbek adabiy tilining bugungi holati ham havas qilarli darajada ekanligini o‘zbek adabiyoti sahnasida keyingi yuz yillikda va bugungi kunda ijod qilgan javlon urayotgan shoir-u yozuvchilar, xalqimiz ma’naviyatini boyitayotgan san’at-u madaniyat,  maorif-u ma’rifat xodimlarining ijod mahsullaridan ham bilsa bo‘ladi.       Ammo har to‘kisda bir ayb bo‘lganidek, adabiy tilimiz va uning uslubiy, grammatik, morfologik, leksikologik, fonetik va fonologik qonun-qoidalariga rioya etish borasida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.  Bu, ayniqsa, “Davlat tili haqida”gi qonunning 7-moddasiga nisbatan bepisandlik bilan qarash oqibatida yuz bermoqda. Bundan o‘ttiz yillar muqaddam, darvoqe, mana shu qonun qabul qilinishidan oldin, O‘zbekiston radiosida ham, televideniyesida ham teatr arboblari, yozuvchi-shoirlar, madaniyat xodimlari bilan uchrashuvlarda biror bir inson o‘z shevasida savol bermas, yoki savollarga o‘z shevasida javob ham qaytarmas edi. Adabiy tilda gapirish yuksak madaniyat belgisi hisoblanardi.

Bugun-chi? Atrofimizda o‘zbek adabiy tilida chiroyli so‘zlaydiganlar kundan kunga kamayib bormoqda. Misol uchun, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining aksariyat kanallarida  o‘zbek adabiy tili emas, uning shevalari, ayniqsa, Toshkent shahar shevasi keng targ‘ib-tashviq etilmoqda. Adabiy til me’yorlaridan mutlaqo “bexabar suhbatdoshlar”ku mayli, teleradioboshlovchilar, muxbir, jurnalist, yozuvchi, shoir, san’at ahli, bir so‘z bilan aytganda, ziyolilarimizning o‘zlari kim o‘zarga Toshkent shevasida gapirib, nafaqat mamlakatimiz, shuningdek, bizning teleko‘rsatuvlarini tomosha qilayotgan boshqa davlatlardagi muxlislarimiz, tildoshlarimiz, vatandoshlarimiz, millatdoshlarimizga ham aksnamuna bo‘lmoqdalar.

Ayting-chi, yarim dunyo tomosha qilayotgan, tinglayotgan xoh u davlat, xoh u xususiy bo‘lsin, O‘zbekiston teleradio dasturlarida shevada gapirishda kim huquq bergan? Ularning dasturlari bittagina shahar yoki sheva vakillari uchun mo‘ljallanmagan-ku! Bu hol yoshlarda shevada gaplashish, muloqot qilish ko‘nikmasini mustahkamlamoqda.

Achinarlisi, televideniyeda namoyish etilayotgan o‘zbek mualliflarining kinolashtirilgan asarlari tugul, boshqa tillardan tarjima va dublyaj qilinayotgan badiiy va telefilmlar qahramonlari ham faqat Toshkent shevasida “gapirishmoqda”. To‘g‘ri, Toshkent shevasi keng iste’molda ekanligini inkor etmaymiz. Ammo xalqimizda o‘nlab, yuzlab bunday shevalar mavjudligini unutmaylik.

Tilimiz sofligi, savodxonligimizning oshishi uchun televideniye, radio va internet orqali berilayotgan barcha materiallarni o‘zbek adabiy tilining grammatik qonun-qoidalari, talaffuz me’yorlari, imlo qoidalariga mos ravishda berilishi ustidan qat’iy muharrirlik nazoratini o‘rnatish, bu qoidalarga rioya etmaydiganlarga nisbatan keskin chora ko‘rilishini ta’minlash  kerak.                                     

Tan olish kerak, ona tilimizni dunyoning manaman degan AQSH, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Hindiston, Pokiston, Xitoy kabi o‘ndan ortiq taraqqiy topgan mamlakatlarining oliy o‘quv yurtlarida o‘rganmoqdalar. Talabalarlar tilimizni tez va oson o‘zlashtirishlari uchun an’anaviy uslublardan tashqari, zamonaviy audio, video o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ham yaratilmoqda.  

Har qanday til atrofdagi boshqa tillardan ajralgan holda yashay olmaydi, taraqqiy ham etmaydi. Jamiyat taraqqiyoti tilning lug‘at tarkibida o‘z aksini topadi. Xalqlar o‘rtasidagi madaniy, ma’rifiy, ilmiy va boshqa aloqalar tufayli tillarda so‘z va terminlar almashishi yuz beradi. O‘zbek adabiy tiliga ham qadimgi davrlardan yaqin muloqatda, madaniy-ma’rifiy aloqada bo‘lgan xalqlar, shuningdek, urushlar tufayli mamlakatdagi talon-tarojliklar,  qirg‘inbarot jang bilan bog‘liq ko‘plab boshqa tillarga doir so‘zlar, terminlar o‘zlashgan. Jumladan, qo’shni tojik tilidan, arab istilosi tufayli arab tilidan, Chor Rossiyasi istibdodi davridan boshlab rus tilidan va xalqaro terminlar tili deb tan olingan lotin va boshqa Yevropa tillaridan ko‘plab so‘zlar o‘zlashganligi fikrimizni asoslaydi.                                        

Boshqa tillardan so‘z va terminlar o‘zlashtirish hozir ham davom etmoqda. Bu jarayon dunyoda globallashuvning, fan-texnika, iqtisodiyot, sport, madaniyat va boshqa zamonaviy sohalarning katta tezlik bilan rivojlanayotganligi oqibati hamdir. So‘z va terminlarning o‘zlashtirilishi va keng iste’molga kiritilishi borasida arab mamlakatlari va Turkiya Respublikasida ma’lum bir tajriba to‘plangan. Ular arab yoki turk tiliga kirib kelgan har qanday yangi so‘z yoxud terminni qabul qilishdan oldin shu sohaga mas’ul bo‘lgan qo‘mita hay’atida muhokama qiladi, imkon qadar shu kirib kelayotgan so‘z va terminning o‘z tillaridagi muqobilini qidirib topadi. Topilmasa, tarjima qiladi, shunda ham iloji bo‘lmasa, qo‘mita hay’ati qarori bilan shu yangi so‘z yoki terminni o‘z holicha qo‘llashga rasman ruxsat beradilar. Biz ham tilimizga kirib kelayotgan yangi so‘z va terminlarni qabul qilishda o‘zbek sheva va lahjalari lug‘at boyligidan, tilimizning ichki so‘z yasalish qoidalaridan unumli foydalanishimiz kerak. 

Ma’lum bir muddat nutqimizga o`zlashib ketgan bir qator baynalmilal so‘z va terminlar(samolyot, aeroport, universitet, fakultet, kafedra, respublika, pensioner, rayon, transport va h.k.) o‘rniga arabcha yoki forscha-tojikcha muqobillarini tanlashga intilish bo‘ldi. Ammo xalqimiz sun’iy ravishda kiritilgan bunday (tayyora, tayyoragoh, dorilfunun, kulliyot, minbargoh, jumhuriyat, nafaqaxo‘r, nohiya, naqliyot kabi)so‘z va terminlarni qabul qilmadi. Tilimizda avvaldan qo‘llanishda bo‘lgan muqobillari (tuman, ulov) iste’molda qoldi.

Yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonun tufayli yuz yildan ortiq vaqt mobaynida kamsitilgan ona tilimizning qaddini, unutilgan huquqini, ming yillik sha’n-u shuhratini tikladik. Oila, ko‘cha, bozor tili darajasiga tushib qolgan tilimiz davlat miqyosidagi va davlatlararo darajadagi yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, yana ilm-fan, ta’lim-tarbiya, boshqaruv tiliga aylandi, radio, televideniye, vaqtli matbuot, kitoblar nashrida, teatr, kino san’atida yetakchi mavqega ega bo‘ldi.

Tilimizning sofligini, go‘zalligini, ravonligini saqlash va uning yanada sayqal topishi, latofati, nazokatini namoyon qilishi uchun har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Buning uchun har doim o‘z nutqimizga jiddiy e’tibor berishimiz, unga shevaga xos so‘zlarni yoki boshqa til unsurlarini huda-behuda qo‘shavermaslikka harakat qilishimiz,  tilimizning og‘zaki hamda yozma nutq me’yorlariga, qonun-qoidalariga qay darajada rioya qilayotganligimizni nazorat etishimiz, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni o‘z vaqtida tuzatib borishni odatga aylantirishimiz kerak.                                     

“Davlat tili haqida”gi qonunning ish yuritish, hujjatchilikka doir 8-, 9-, 10-moddalari yillar osha amalga to‘liq tatbiq etilmay kelindi. Bu masalaning davlat miqyosida hal etilishi bo‘yicha bir qator farmon, qarorlar qabul qilindi. Adliya vazirligi hujjatchilik va ish qog‘ozlari yuritish borasida yaqingacha davom etib kelgan sansolarchiliklarning asosiy sababini bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi loyiha taklifi bilan chiqdi. Taklifga ko‘ra, “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 42-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, – deyilgan edi.                           

  Bu o‘rinli taklif. Har qanday tartibbuzar odam qilmishiga yarasha tanbeh, jazo olishi kerak. Davlat tilida ish yuritishda yo‘l qo‘yiladigan holat esa tartibbuzarlik emas, qonunbuzarlikdir. U esa kim bo‘lishidan qatʼi nazar, qonunga binoan tegishli tarzda jazolanishi kerak. Bu dunyo miqyosida qabul qilingan umumiy qoida. Ammo, ushbu taklif qabul qilingani bilan ham ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q. Hali ham ayrim yuqori tashkilotlardan hujjatlar boshqa tilda yubormoqda, o‘zbekcha ma’lumot yuborilsa, rus tilida yuborishni, yangi alifboda yuborilsa, kirill alifbosida tayyorlab jo‘natishni talab qilish holatlari davom etmoqda.    

Qonunning 22-moddasida mamlakatimiz hududidagi geografik nomlar, shaharlar va qishloqlar, ko‘chalar va maydonlar, tarixiy hamda madaniyat yodgorliklari, turarjoy massivlari, savdo rastalari, maktablar va boshqa ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarning nomlari faqat davlat tilida berilishi muhrlangan. Ammo hamma yoqda turli tillarda nomlangan turarjoylar, dam olish maskanlari-yu tungi klublar, restoran-u qahvaxonalar, savdo rastalari, do‘konlar, korxona va boshqalarni kiritish mumkin.       
            Yangi ochiladigan geografik ob’yektlarni nomlash bo‘yicha bir qator mamlakatlarda amalda qo‘llanib kelinayotgan tajribalar bor. Chunonchi, arab mamlakatlarida ularni asosan mahalliy tilda nomlash tavsiya etiladi. Bunda bu tadbirkorlik sub’yekti soliqlar to‘lashda, faoliyat yuritishda, ishlab chiqarishda, mahsulot realizatsiyasida bir qancha imtiyozlarga ega bo‘ladi. Ajnabiy nom bilan ataladiganlariga esa bunday imkoniyat va imtiyozlar berilmaydi. Shuning uchun ham ularda qariyb barcha geografik ob’yektlar o‘z ona tillarida nomlanadi.         To‘g‘risi, bunday noxush holatlarning barchasi “Davlat tili haqida”gi qonunning 24-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi” deyilgan bandga rioya etilmayotganligidan kelib chiqmoqda. Bugungacha biror bir mutasaddining, mas’ul shaxsning davlat tiliga mensimay qaraganligi uchun jazoga tortilganligini eshitmadik.          

“Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahrirdagi nusxasi tayyorlangan va uni tasdiqlash hamda amalga tatbiq etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga havola etilgan. Bu qonunning yangi tahriri amalga tatbiq etilishi bilan hozirgacha davlat tili va yangi alifboni joriy etish to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi bo‘yicha yo‘l qo‘yib kelingan kamchiliklar to‘liq bartaraf etiladi, deb o‘ylayman.        

Mardon Boltayev,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti.