Qishloqlarda xorijiy tillarni o‘qitish uchun 50 mln so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratiladi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov ma’lum qildi.
20 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qaror bilan, 50 mln so‘mgacha bo‘lgan bir martalik subsidiyalar tadbirkorlik sub’yekti bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga kamida 6 oy muddat davomida qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanish sharti bilan ajratiladi.
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti amalga kiritilmoqda.
Nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish mumkin bo‘ladi.
Manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni baholash orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining qarori asosida har chorakda subsidiya ajratadilar.
Nodavlat ta’lim tashkilotlariga baholash mezonlari asosida to‘plangan ballarga mutanosib ravishda Uzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligining hududiy boshqarmalari tomonidan 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratib borish belgilandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratiladigan qishloq hududlari ro‘yxatini shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
Bunda qishloq hududlari ro‘yxatiga har yili bir marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish mumkin bo‘ladi.
Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi bo‘yicha ularning faoliyati yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.