Adolatga xizmat qiluvchi xalqaro hujjat

Insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar, vahshiyliklar keltirgan Ikkinchi jahon urushi natsistlar, fashistlarning insoniyatga nisbatan amalga oshirgan shafqatsiz jinoyatlari, inson huquqlarining toptalishi, xo‘rlanishining oldini oluvchi xalqaro tashkilot tuzishni taqozo qildi.
1945 yil shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etildi hamda inson huquqlari va erkinliklari uchun umumiy kurash boshlandi. Dunyo xalqlari, davlatlari bu yo‘lda birlashishga da’vat qilinib, 1948 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi inson huquqlari bo‘yicha 30 moddadan iborat deklaratsiyani qabul qildi. Bu har bir insonning tabiiy va tuganmas huquq va erkinliklari e’lon qilingan asosiy xalqaro hujjat bo‘lib, unga BMTga a’zo davlatlarning aksariyati qo‘shildi. Deklaratsiyada insoniyatning barcha vakillariga xos qadr-qimmat, ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish – erkinlik, adolat va yalpi tinchlik masalalari belgilandi. Insonlarning shaxsiy, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari kafolatlandi.
O‘z navbatida, mamlakatimiz ham davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, insonparvar demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati qurish maqsadini ko‘zlab, 1991 yil 30 sentyabrda ushbu umumjahon hujjatga qo‘shildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining "Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari", deb nomlangan 2-bo‘limi mazkur deklaratsiya talablariga to‘la mos keladi. Unda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi ta’kidlandi. Shu paytgacha respublikamizda inson huquqlariga doir yuzdan ortiq qonunlar qabul qilindi va ular xalqaro me’yor va andazalarga muvofiqlashtirilmoqda.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va inson huquqlarini himoya qiluvchi bir qator tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 ta asosiy hujjatga qo‘shildi, BMT tomonidan qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnomaning bevosita ishtirokchisiga aylandi. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘z modeli, insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirildi.
Ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakat xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’yekti sifatida o‘rni va rolini yanada oshirdi. Xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo‘shnichilik muhiti izchil rivojlantirildi.
Yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, adolatni qaror toptirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bugun BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ma’ruzasini tinglagan davlatlar rahbarlari, qolaversa, dunyo jamoatchiligi O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga o‘z bahosini berdi. Bu esa mamlakatda davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari va qadriyatlariga e’tiborini kuchaytirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan samarali tadbirlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Prezidentimizning 2018 yil 5 mayda qabul qilgan "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi farmoni adolat tarozisi tamal toshini qo‘ygan birinchi muhim xalqaro hujjatning mazmun-mohiyati, maqsadini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida targ‘ib qilish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq tizimidagi islohotlarni chuqur anglashi, faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sodiq NAZAROV, SamISI akademik litseyi direktori o‘rinbosari.