Afg‘on urushi qatnashchilari Samarqandda jam bo‘ldi

Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasi hamkorligida Afg‘on urushi qatnashchilariga bir martalik insonparvarlik yordami aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan kelgan hamda samarqandanlik 120 nafar afg‘on urushi qatnashchisi “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘ydi.
Tadbir “Bog‘ishamol” bazmgohida bir piyola choy ustida davom etdi. Unda quroldosh do‘stlar bir-birlari bilan diydorlashdi, dildan suhbat qurishdi.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashe katta yordamchisi, polkovnik A.Mashukov, O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasi rahbari T.Murodov Rossiya Federatsiyasi tomonidan afg‘on urushi qatnashchilari va urushda halok bo‘lganlarning yaqinlariga 200 AQSh dollariga teng bir martalik insonparvarlik yordami tarqatdi.
- Birinchi marta tashkil etilgan mintaqaviy uchrashuv tadbirida ko‘p vaqtdan buyon ko‘rmagan quroldosh do‘stlarimizni ko‘rdik, - deydi Surxondaryo viloyatining Angor tumanidan kelgan Alimardon Boboniyozov. – 1979-1980 yilda Afg‘onistonda bo‘lib qaytgach, hududimizdagi harbiy avtokolonnada 43 yil haydovchi bo‘lib ishladim va pensiyaga chiqdim. Bugungi uchrashuvda biz o‘sha davrdagi mudhish holat va halok bo‘lgan do‘stlarimizni xotirladik.
Tadbirda Samarqand shahrining So‘zangaron mahallasida tug‘ilgan va afg‘on urushida halok bo‘lgan A’zam To‘xtayev yodga olinib, uning jasorati uchun onasi Kimyo To‘xtayevaga tashakkur bildirildi va bir martalik pul mukofot berildi.
Husan Eltoyev.