Agrar sohani innovatsion rivojlantirishning nazariy va amaliy asoslari nimalarda aks etadi?

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida “O‘zbekistonda agrar sohani innovatsion rivojlantirishning nazariy va amaliy asoslari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumandagi mavzularning har biri dolzarbligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, filial kafedra mudiri, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha falsafa doktori Yigitali Toshpo‘latovning “Noyob va yo‘qolish xavfi bo‘lgan dorivor o‘simliklarning tabiiy populyasiyalari tiklash hamda ulardan farmatsevtika uchun xom ashyo tayyorlashda mikroklonal ko‘paytirishdan foydalanish” mavzusidagi ma’ruzasi ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘ldi.
- O‘zbekistondagi noyob o‘simliklar hisoblangan “Samarqand o‘lmas o‘ti” va “Turkiston alyugasi”ni ko‘paytirish, ularning ahamiyati va kelajakda foydalanish bo‘yicha qilinayotgan amaliy ishlar talaygina, - dedi Y.Toshpo‘latov. – Bu o‘simliklarga hozirgi vaqtda nafaqat o‘zimizda, balki chet elda ham qiziqish bildirilmoqda. Dorivor o‘simliklardan olinadigan bioaktiv dorivor moddalar va ulardan tayyorlangan preparatlar bizga deyarli 100 foiz chetdan import qilinyapti. Agar bu o‘simliklarni o‘zimizda yetishtirishni yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, biz ham ushbu o‘simliklardan olinadigan preparatlardan o‘zimizda farmsanoatda foydalanib, ichki bozorni ta’minlasak bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu noyob o‘simliklardan olinadigan preparatlarni kelajakda chet davlatlarga ham eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Konferensiyada, shuningdek, yong‘oq mevaxo‘riga qarshi kimyoviy preparatlarning biologik samaradorligi, pomidor ishlab chiqarilishi, tuproqqa ishlov berishga asoslangan tabiatni muhofazalovchi resurslarni tejash texnologiyasi va uni amalga oshirish texnik vositasi va lalmikor maydonlarda o‘g‘itlarning tuproq namlik targ‘iboti va kuzgi bug‘doy hosildorligiga ta’siri kabi mavzularda ham ma’ruzalar qilindi.
Ikki kun davom etgan konferensiyada xorijiy mutaxassislar ham ishtirok etdi. Germaniyaning Gelfin universiteti tadqiqotchisi Erina Koff kun tartibidagi masalalar bir-biridan dolzarb ekanligiga e’tibor qaratdi.
- Men Samarqandda ekanimdan, o‘z tadqiqotim bilan ishtirok etayotganimdan xursandman, - dedi Erina Koff. - Biz Tojikiston va O‘zbekiston chegara tog‘ oldi hududlarida chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha iqtisodiy hamkorlik loyihasi doirasida tadqiqotlar olib bormoqdamiz. Ushbu loyiha asosan ikki mamlakat o‘rtasida chorvachilikni rivojlantirishga, ayniqsa, savdo munosabatlariga qaratilgan loyiha ham hisoblanadi. Loyiha joriy yilda boshlandi va 2025 yilga qadar davom etadi.
Ilmiy-amaliy konferensiyaga jami 150 dan ortiq ilmiy yo‘nalishdagi maqola va tezislar kelib tushgan bo‘lib, plenar va sho‘’ba yig‘ilishlarida qishloq xo‘jaligi sohasining turli yo‘nalishlarida 25 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi Shu bilan bir qatorda talabalar tomonidan tayyorlangan posterlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, tadbir doirasida innovatsion loyihalar asosida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.
Bobur Eshonqulov,
direktor o‘rinbosari, dotsent.