Anqaradagi NATO sammiti: Alyans muhim sinov oldida

Bugun Anqarada NATOning 36-sammiti boshlandi. Ertaga, 8 iyulda ham o‘z ishini davom ettiradigan uchrashuv Alyans so‘nggi yillardagi eng murakkab geosiyosiy sharoitda o‘tkazilmoqda.

Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi mojarolar hamda AQSh va Yevropa o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sammitning asosiy mavzulariga aylangan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an sammitni «Alyans tarixidagi hal qiluvchi uchrashuv» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, dunyodagi so‘nggi voqealar NATO oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda va tashkilot o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyatga moslashishi lozim.

AQSh va Yevropa o‘rtasidagi ixtiloflar saqlanib qolmoqda

O‘tgan yili Gaagada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida a’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishga kelishib olgan edi. Bu qaror Vashington va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashi kutilgan.

Biroq so‘nggi bir yil ichida kelishmovchiliklar yanada kuchaydi. AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya masalasi bo‘yicha bayonotlari, Amerika harbiylarini Yevropadan qisqartirish rejalari hamda Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam bo‘yicha yondashuvi bilan ittifoqchilar o‘rtasida yangi bahslarga sabab bo‘ldi. Shu bois Anqara sammiti NATO birdamligi uchun muhim sinov sifatida baholanmoqda.

Tramp va Zelenskiy ishtirok etishi kutilmoqda

Sammitda AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etishi kutilmoqda. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp sammitda ishtirok etish qaroriga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bilan munosabatlari ham ta’sir ko‘rsatgan.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham AQSh rahbarini sammitda qatnashishga ko‘ndirishda muhim rol o‘ynagani ta’kidlanadi. Shu sababli sammit dasturi ham qisqa va ixcham shaklda tashkil etilgan.

Turkiya uchun muhim imkoniyat

Turkiya NATOga 1952 yilda a’zo bo‘lgan va AQShdan keyin Alyansdagi eng yirik armiyaga ega mamlakat hisoblanadi. Shuningdek, mamlakatning Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgani uning strategik ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, Anqara ayrim masalalarda NATOdagi ittifoqchilaridan mustaqil siyosat yuritib kelmoqda. Xususan, Rossiyadan S-400 zenit-raketa tizimlarini sotib olishi Turkiya va AQSh munosabatlarida keskinlikka sabab bo‘lgan. Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Turkiya Kiyevni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalariga qo‘shilmagan.

Kuzatuvchilar fikricha, Anqaradagi sammit NATOning kelgusi strategiyasi, AQSh va Yevropa munosabatlari hamda Ukraina bo‘yicha umumiy pozitsiyani shakllantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Unda Alyansga a’zo 32 davlat rahbarlari hamda hamkor mamlakatlar jamoaviy xavfsizlikni mustahkamlash, NATO davlatlarining mudofaa xarajatlarini oshirish, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, mudofaa sanoatini rivojlantirish va xalqaro xavfsizlik masalalari ko‘rib chiqishadi.

Sammit yakunlari bo‘yicha NATOning keyingi rivojlanishi hamda Yevroatlantika xavfsizligiga oid asosiy qarorlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi kutilmoqda.

Sammit munosabati bilan Anqaradagi «Esenbog‘a» xalqaro aeroportida fuqarolik reyslariga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

G.Xoldorova tayyorladi.