Avtosanoatimizga bildirilgan ishonch

Samarqand qishloq xo‘jalik institutini injener-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ilmiy ish qilish niyatida yurgan paytlarimda Samarqandda Turkiyaning “Otayo‘l” korxonasi bilan hamkorlikda yangi zavod ochilayotganligi haqida eshitib qoldim. Ustozlarimning tavsiyasi bilan shu zavodda o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Sinovlardan yaxshi o‘tib ish boshladim. Ikki yillik qurilish jarayonidan so‘ng 1998 yilda zavod ishga tushdi.
Dastlabki paytlarda avtobusning kuzovi ham tayyor holda kelardi, biz faqat payvandlash ishlarini bajarardik, xolos. Ishlab chiqarish jarayonlarini tushunadigan mutaxassislar topishdagi qiyinchiliklarni aytmasa ham bo‘ladi. Yillar o‘tib, qismlarni yig‘ishni o‘zlashtirdik. Keyinchalik zavodda loyihalash va texnologiya bo‘limlari ochildi. Zavodda oddiy yuk mashinalarini tayyorlagandik, bozor talabidan kelib chiqib, 2012 yilda o‘zimizning avtobusimizni ishlab chiqardik. O‘sha paytlarda tajribamiz unchalik ko‘p bo‘lmasa-da, loyihachi chizib, avtobus modelini yaratdi. Lekin yangi avtobusni ishlab chiqarish loyihalashdan ko‘ra tubdan farq qiladi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zimiz avtobus ishlab chiqarishni uddaladik. Keyinchalik zavod inqirozga uchradi va ko‘plab tajribali ishchilar ketib qoldi. Vaqt o‘tib, Yaponiyaning “Isuzu” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatildi. Bu endi butunlay boshqa jarayon, boshqacha ishlab chiqarish texnologiyalari kirib keldi. Yana malakali ishchilarni jalb qilish ham oson kechmagan. Shunday qilib, 30 dan ortiq mutaxassis ishchi va 4 ta asosiy yo‘nalish shakllandi. Detallarni ishlab chiqarish, payvandlash, yuk ko‘tarish texnikalari va avtobuslar uchun yig‘ish jarayonlari, bundan tashqari, elektrojuglarni o‘zimiz ishlab chiqaryapmiz, plastmassadan detallar yasayapmiz, lokalizatsiyani o‘zimiz qilyapmiz. Zamonaviy o‘t o‘chirish mashinalari ishlab chiqarish uchun ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Bugunga kelib, zavodda o‘t o‘chirish mashinalari, avtobuslarning kuzov, kabinalarini to‘liq o‘zimiz tayyorlayapmiz, boshqa qismlarni ham mahalliylashtirish borasida ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda zavodda kommunal sohaga mo‘ljallangan maxsus texnikalar, o‘t o‘chirish mashinalari, furgonlar, samosval, yuk ko‘tarish kranlari, avtobuslar va tog‘-kon sanoati uchun “Isuzu” pikap avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Hozirgacha zavodda 8 metrli avtobuslar ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, keyingi yildan elektron tablolar bilan jihozlangan 9 metrli zamonaviy, gazli va elektrobuslar ishlab chiqarish boshlanadi. Mahsulotlarimiz ichki bozordan tashqari Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iz respublikalariga sotilmoqda.
Keyingi uch yilda 8 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqardik. Shuningdek, raqamli dasturiy boshqaruv asosida ishlovchi moslamalar uchun murakkab sirtqi ko‘rinishli ehtiyot qismlarni tayyorlash uchun ishlatiladigan dasturlar majmuini yaratdik. Bu albatta, xorijdan import qilinadigan shu kabi mahsulotlarning o‘rnini bosib, korxonaning iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shadi.
Shu mehnatlarimiz inobatga olinib, Mustaqilligimizning 34 yillik tantanalari arafasida O‘zbekiston avtosanoati bo‘yicha ikki kishi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani aytildi. Bu medal butun jamoamiz mehnatining e’tirofi, deb bilaman. Yutuqlarimizni davom ettirib, yangi va zamonaviy mahsulotlar taqdim qilish, bundan-da yaxshi natijalarga erishishni niyat qildik.
Fazliddin RIZAYeV,
Samarqand avtomobil zavodi bosh texnologi,
“Shuhrat” medali sohibi.