Dori vositalari noqonuniy aylanmasining oldi olindi
“Samarqand xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Sian-Samarqand” aviareysi orqali mamlakatimizga kirib kelgan yo‘lovchiga tegishli «bagaj» va qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida 184 konvalyutadagi dori vositalari noqonuniy ravishda olib kirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tibbiyot buyumlari va dori vositalarining taxminiy qiymati 184,4 million so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tish joizki, dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-son qarori bilan belgilab qo‘yilgan. Mazkur talablarga amal qilish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.