Hayoti ibrat edi

Gap 1959 yilda Nurota tumanida tug‘ilgan Rayimqul O‘rolov haqida bormoqda. U kishining hayot maktabi haqiqatda ko‘pchilikka ibrat edi.

Ustoz o‘rta ma’lumot bilan dastlabki mehnat faoliyatini Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi 11-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshladi. 1984 yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining tasviriy san’at, chizmachilik o‘qituvchisi mutaxassisligi fakultetini bitirgach, Jizzax viloyati pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tasviriy san’at va chizmachilik kabinet mudiri sifatida faoliyatini davom ettirdi. Rayimqul aka bu maskanda 10 yil davomida institutning o‘quv uslubiy bo‘limi boshlig‘i, axborot tahlil ommalashtirish va nashriyot bo‘limi boshlig‘i vazifalarida samarali mehnat qilib, yuzlab shogirdlar chiqardi.

2005 yildan Samarqand pedagogika kolleji tasviriy san’at fani o‘qituvchisi bo‘lib ishini davom ettirib, ta’lim-tarbiya sohasiga munosib hissa qo‘shdi. Katta tajribaga ega pedagog ko‘plab shogirdlar tayyorlab, o‘zining bilim va tajribasi, yuksak kasbiy mahorati va insoniy fazilatlari bilan hamkasblari va talabalarning chuqur hurmatini qozongan inson edi.

Rayimqul O‘rolov nafaqat pedagog ustoz, katta o‘qituvchi, iqtidorli rassom, balki mohir notiq ekanligini uzoq yillar Samarqand pedagogika kollejidagi samarali faoliyati davomida ko‘rishimiz mumkin. U kishi so‘z san’atini yaxshi egallagan, ta’sirchan nutqlari bilan tinglovchilar qalbidan joy olgan mohir notiq sifatida ham e’tirof etilganligini ko‘pchilik yaxshi biladi.

Raimqul O‘rolovning oilasini namunali pedagoglar oilasi deya baralla ayta olamiz. Turmush o‘rtog‘i Zulxumor aya ham uzoq yillar maktabda o‘qituvchi bo‘lgan. Qizlari Shahlo, Kamola, Xurshida ham ota-onasining izidan borib, mashaqqatli, ammo sharafli bo‘lgan o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirmoqda.  

R.O‘rolov Samarqand shahrining Sartepa maskanidagi Izvoshchilar mahallasida istiqomat qilgan. Mahalladagilar ham u kishini yaxshi tashabbuskor va kamtar inson ekanligini ko‘p bora ta’kidlab keladi.

Oilada mehribon ota, sadoqatli turmush o‘rtoq va yaxshi inson sifatida ham barchaga namuna bo‘lib kelgan. Albatta, mahoratli pedagog ustoz haqiqiy ma’noda ma’rifatli inson edi.

Raimqul aka yaqinda 67 yoshida vafot etdi. Ustoz yaratgan maktab nafaqat bugungi kunda, balki kelajakda ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Bir guruh hamkasblari.