Dunyoning eng kuchli harbiy triatlonchilari Samarqandda jam bo‘ldi

18–21 avgust kunlari Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida sportning triatlon turi bo‘yicha harbiylar o‘rtasida 25-jahon (25th CISM World Military Triathlon Championship) chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur chempionat xalqaro harbiy sport Kengashi (CISM), O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilmoqda.
Musobaqa oldidan tashkilotchilar va sportchilar ishtirokida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Alisher Norboyev, xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) Bosh kotibi Roberto Rechchiya va musobaqa hakamlari ishtirok etib, musobaqaning ahamiyati, sportchilarning tayyorgarlik jarayoni hamda chempionat dasturi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Triatlon olimpiya sport turlari jumlasiga kiritilgan bo‘lib, bu faqatgina sport emas, inson imkoniyatlarining chegarasini sinovdan o‘tkazuvchi yo‘ldir, - deydi A.Norboyev. - Har bir bosqich sportchidan nafaqat jismoniy kuch, balki ruhiy barqarorlikni ham talab qiladi. Mazkur chempionatning O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilishi nafaqat sportchilar o‘rtasidagi hamkorlik, balki dunyo halqlari bilan do‘stlik hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga imkon yaratadi.
Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish uchun musobaqa o‘tkaziladigan hudud jahon standartlari asosida tayyorlandi hamda sportchilarga zarur sharoitlar yaratildi.
Musobaqada dunyoning 13 davlati — O‘zbekiston, Belgiya, Kanada, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Sloveniya, Shveysariya, Qatar, Rossiya, Eron, Portugaliya va Qozog‘istondan kelgan 100 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda. Bellashuvlar ikki toifada — yakkalik va jamoaviy guruhlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Sportchilar 750 metrga ochiq suv havzasida suzish, 19 kilometr velopoyga hamda 5 kilometr yugurish bosqichlarida kuch sinashadi.
Matbuot anjumanida xalqaro harbiy sport Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan sportchilar ham jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Triatlon bo‘yicha jahon chempionatida chempionlik va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman, - deydi Mudofaa vazirligi terma jamoasi a’zosi Alina Hakimova. - Xususan, 2021 yilda Ispaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 13 ta terma jamoa orasida jamoaviy bahsda ikkinchi, yosh toifasida birinchi o‘rinni egallaganman. Samarqandda o‘tkazilayotgan ushbu chempionatga Qirg‘izistonda katta tayyorgarlik olib bordik. Albatta, o‘zim tug‘ilib o‘sgan viloyatda ham yuqori natija ko‘rsatishni maqsad qilganman.
Jahon chempionatining ochilish marosimi bugun soat 19:00 da o‘tkaziladi.