“Haqiqiy oltin o‘simlik” – lagoxilusning tibbiyot uchun foydali ekanini ilmiyjihatdan isbotlagan olim

Turli davrlarda xalqimiz orasidan ko‘plab iqtidorli, vatanparvar, mashhur insonlar yetishib chiqqan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Mamatqul Ikromov ana shunday insonlardan biri edi.
Mamatqul Ikromov 1923 yil 30 aprelda Samarqand tumanining Ohalik qishlog‘ida tug‘ildi. Uning bolaligi qiyin kunlar bilan boshlandi. Xalqimiz boshiga tushgan o‘sha kunlarning azob-uqubatlari yosh yigitchaning hayotida ham chuqur iz qoldirdi. Og‘ir mehnat, azob-uqubat va ma’naviy taqiqlash natijasida 1933 yilda Ikrom bobo olamdan o‘tdi. Oilaning hamma tashvishlari onasi Istamoy ayaning o‘ziga qoldi.
Otadan barvaqt yetim qolgan yosh Mamatqul hayot to‘fonlariga bardosh berib, bilim olishga intildi. O‘zlari yashayotgan Savay sovxozi hududida to‘liqsiz o‘rta maktabda o‘qib, uni tugatgandan so‘ng Andijon viloyatiga qarashli Jalolobod shahridagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdi. 1942 yilda bilim yurtini tamomlab, qishlog‘idagi bolalarni o‘qita boshladi. Endi 19 yoshni to‘ldirgan yigit 20 avgust kuni urushga ketdi. U Leningrad qamali janglarida qatnashdi. Keyinchalik Volxov, 3-Boltiq bo‘yi, Karelo-fin frontlaridagi og‘ir janglarda qatnashdi.
Jangovar harakatlari uchun Mamatqul Ikromov “Qizil Yulduz” ordeni, “Leningrad mudofaasi uchun“, ”Jangovar xizmatlari uchun“ medallari bilan taqdirlandi. Janglarda ko‘rsatgan jasoratlari uchun 14 ta orden va medal bilan mukofotlandi.
U 1948 yili Andijon pedagogika institutida o‘qidi. Shu davrda talabalarning respublika ilmiy anjumanida qatnashib, juda yaxshi ilmiy ma’ruza qildi. Qarangki, o‘sha ma’ruza uning kelajagini belgilab berdi. Bilimga tashna qishloq yigiti mashhur olim professorlar P.Korovin, Ye.I.Proskoryakovlarning e’tiboriga tushdi. Ularning tavsiyasi bilan 1949 yilda Andijon pedagogika institutidan Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetining biologiya va tuproqshunoslik fakultetiga o‘tkazildi. 1953 yilda universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgach, shu universitetning botanika kafedrasida ishga qoldirildi. Avval assistent, keyin katta o‘qituvchi, dotsent va professor lavozimlarida ishladi. 26 yil davomida botanika kafedrasining mudiri, fakultet dekani vazifalarini bajardi. Bu davrlar mobaynida Mamatqul Ikromov yirik olim va jonkuyar murabbiy sifatida shakllandi va ko‘pchilikka tanildi.
Botanika kafedrasida assistent bo‘lib ishlagan yillarida mashhur olim, kafedra mudiri Yevgeniy Ivanovich Proskoryakov o‘sha paytlarda hali ko‘pchilikka noma’lum giyoh lagoxilus (ko‘kaparang)ni “haqiqiy oltinning o‘zi” deb atar, lekin uni kashf etish naqadar og‘irligini ham aytgan edi. Mamatqul Ikromov ana shu mushkul ilmiy mavzuni bajarishga kirishdi. U dunyoda birinchi bo‘lib o‘zi topgan va fanga ma’lum etgan lagoxilusning ikkita turini aniqladi va ularning birinchisiga o‘z ustozining nomini berib, “Proskoryakov lagoxilusi” deb nomladi. Ikkinchisiga esa”Farg‘ona lagoxilusi” deb nom berdi. Endilikda bu turlar “O‘rta Osiyo o‘simliklarining aniqlagichi” (1987) kitoblarida zikr etilgan.
Mamatqul Ikromov lagoxilus turlarining kimyoviy tarkibini o‘rganib, ularning tarkibida 10 dan ortiq mikroelementlar va boshqa biologik faol moddalarning borligini aniqladi. Olimning taklifi bilan tibbiyot xodimlari lagoxilusning sharbati bilan geomofilliya, gipertoniya, ekzema, glaukomalarni davolashda va qon bosimini me’yorlashtirish uchun tibbiyotda keng qo‘llay boshladi. Eng muhimi, mazkur giyohning qon oqishini to‘xtatishda qo‘llaniladigan qimmatbaho dorivor o‘simlik ekanligi isbotlandi. Olimning ilmiy ishlari sobiq Butunittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasida namoyish etilib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Mamatqul Ikromov sermahsul botanik-biolog olim. U yarim asr mobaynida Samarqand davlat universitetida mehnat qilib, ilm-fan va yetuk kadrlar tayyorlashdek muqaddas ishga munosib hissa qo‘shdi. U halol mehnat qilib pog‘onama-pog‘ona o‘sdi. Shogirdlikdan ustozlik darajasiga yetdi. Mehribon ustoz sifatida ko‘plab fan kandidatlari, doktorlari chiqardi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, biologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Ikromov o‘zining umri davomida savob ishlarga qo‘l urib vatan uchun yashadi, borligini berdi va ilm ahli orasida o‘ziga xos yorqin iz qoldirdi. Bu esa uning vatandoshlari, hamkasblari, shogirdlari va oila a’zolariga doimo g‘urur bag‘ishlaydi.
Xislat HAYDAROV,
Samarqand davlat universiteti professori.