Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboy va Samarqand tumanlarida nega hokim o‘zgardi?

O‘tgan hafta viloyatimizga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlari, belgilangan loyihalarning hayotga tatbiq etilishi bilan tanishdi. Viloyatda turizm, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida klaster tizimini keng joriy etish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va boshqa masalalar yuzasidan yaqin istiqboldagi vazifalar belgilandi. Viloyat faollari, sektorlar rahbarlari bilan shu va boshqa masalalar muhokama qilindi. Kechagi uslub, qotib qolgan qarashlar bilan oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi. Bugungi davr barchamizdan yangicha fikrlashni, zamon shiddatiga mos ishlashni taqozo etadi, dedi davlatimiz rahbari. Va, ushbu muloqot ortidan Samarqand va Jomboy tumanlari hokimlari vazifasidan ozod etildi. Hokimlar bilan birga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan qolgan uch sektor rahbarlari – prokuror, ichki ishlar bo‘limi va soliq inspeksiyasi boshliqlari ham ishdan olindi.

Sessiyalarda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov o‘z so‘zida ushbu rahbarlar faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar haqida batafsil so‘z yuritdi.

Jumladan, viloyatda kichik biznes sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari ulushi 52,5 foizni tashkil etgan bir vaqtda, barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan Jomboy tumanida bu ko‘rsatkich 19,5 foizni tashkil etar ekan. Hududning tashqi savdo aylanmasida kichik tadbirkorlik sub’yektlarining ulushi esa atiga 33 foiz. Yilning birinchi yarmi uchun belgilangan 14,5 mln. dollarlik hududiy eksport rejasi ham 75 foizga bajarilgan. Tumanda “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi asosida                   1,5 milliard so‘mlik 120 ta loyihaga ijobiy xulosa berilgan bo‘lsada, 820 million so‘mlik 76 ta loyiha moliyalashtirilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda yetishtirilgan 202,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarining bor yo‘g‘i 16 foizi qayta ishlanadi. Meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy usulda saqlash uchun yetarli miqdorda muzlatkichli omborlar tashkil etilmagan. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish ishlari tizimli tashkil etilmagan. Ushbu masalaga to‘rt sektor rahbari ham mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan.

Tumanda ijtimoiy  sohada ham bir qator muammolar mavjudligi qayd etildi. Xususan, davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 7 tasi moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatmoqda. 5 tasi to‘siq devorlari bilan o‘ralmagan, 15 tasida tashqi hojatxonalari qoniqarsiz ahvolda, 22 tasi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 7 tasi rekonstruksiya va 6 tasi joriy ta’mirga muhtoj.

56 ta umumta’lim maktabining 26 tasi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 50 tasining atrofi to‘liq o‘ralmagan, 35 tasining isitish tizimi ishlamaydi, 18 tasida sport zallari mavjud emas. Bunday kamchiliklar madaniyat muassasalarida ham juda ko‘p.

Samarqand tumanida ilgari faoliyat yuritgan 562 ta sanoat korxonasining 7 tasi bugunga kelib tugatilgan, 38 ta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Joriy yilning dastlabki olti oyida tumanda 12,7 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lib, haqiqatda 5 ta loyiha bo‘yicha 6,8 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilgan xolos. Tuman meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramasdan 6,8 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinib, belgilangan reja 54 foizga kam bajarilgan.  Ayni paytda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda Samarqand tumanida 1811 tadbirkorlik sub’yektining 198 tasi, 2561 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning 1240 nafari faoliyat ko‘rsatmayapti.

Tumanda bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovi 30 foizni tashkil etadi xolos. Mavjud 83 ta bog‘chaning 3 tasi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 7 tasi rekonstruksiya va 18 tasi ta’mirga muhtoj.

4 ta madaniyat markazining binolari o‘ta qoniqarsiz axvolda bo‘lib, musiqa cholg‘u asboblari, mebel va zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlanmagan. Katta bir tumanda haligacha madaniyat va istirohat bog‘i yo‘qligini qanday izohlash mumkin? Istirohat bog‘i qurish 2013 yilda dasturga kiritilgan bo‘lsada, haligacha bu ish yakuniga yetkazilmagan.

Sog‘liqni saqlash tizimida ham bir qancha muammolar mavjud. Bugungi kunda 1 ta QVP va 1 ta  tez yordam shoxobchasi ta’mirtalab holatda. Tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi binosi avariya holatida va umuman talabga javob bermaydi.

Tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar ham samarasiz bo‘lib, fermer xo‘jaliklarining kreditorlik qarzlari joriy yil 1 iyul holatiga 1,0 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kam rentabelli, unumdorligi past yer maydonlarini qisqartirish hisobiga meva-sabzavot yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport qilish ishlari talabga javob bermaydi.

 Bundan tashqari, Samarqand tumanida “Obod qishloq” davlat dasturiga kirgan hududlarda ham qurilish, obodonlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmayapti. Yilning birinchi yarmi uchun belgilangan ishlar bajarilmagan. 1072 ta yakka tartibdagi uy-joylarni ta’mirlash ishlari 30 foizga bajarilgan xolos. 18 ta bozor infratuzilma ob’yeklarining birortasi foydalanishga topshirilmagan.

Eng yomoni, ikki tumanda ham sektor rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish, odamlar bilan muloqot qilish va ularning murojaatlarini eshitib, muammolarga yechim topish borasidagi ishlarga mas’uliyat bilan yondoshilmagan.

Viloyat hokimi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga faollar e’tiborini qaratdi.

Sessiyalarda tashkiliy masalalar ko‘rildi.

Shu paytgacha Samarqand viloyati bo‘yicha g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan To‘ychiyev Hamza Hakimovich Jomboy tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

Samarqand tumani hokimligiga esa shu vaqtga qadar Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Mavlonov Nosir Mamarasulovich tasdiqlandi.