Mustaqillikka 34 yil: Farovonlik manzaralari

Biz uchun kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan farovonlik manzaralari endi faqat rasmiy statistik hisobotlar yoki raqamlarda emas, balki kundalik turmushimizda namoyon bo‘lmoqda.

Mana shunday farovonlik mezonlari inson hayotining turli jabhalarida – iqtisodiy barqarorlikdan tortib ma’naviy yuksalishgacha, orzularning amalga oshishi va umidlar ro‘yobida o‘zining ravshan ifodasini topmoqda. 

 Endi boshpanali bo‘lish – orzu emas, haqiqat!

Aholi turmush darajasini baholashda uning yashash sharoiti va standartlari,  zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlangani eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Avvallari uy-joyga ma’lum bir toifadagi insonlar to‘lov qilar, quyi qatlamdagilar esa buni orzu qilishi ham mushkul edi. Ammo keyingi yillardagi aholini turarjoy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini yanada rivoj­lantirishga qaratilgan samarali islohotlar natijasida uy olish imkoni borasidagi tafovutlar keskin qisqarib, barchaga boshpanali bo‘lish imkoniyati yaratilmoqda.

                       

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida viloyatimizda umumiy hisobda 1 ming 132 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Bu nafaqat hududlar ko‘rinishi va infratuzilmasini butunlay yangiladi, balki 56 mingdan ortiq oilani yangi zamonaviy uy-joy bilan ta’minlab, ularning turmush darajasini tubdan yaxshiladi. Yangi qurilgan har bir uy inson taqdiridagi yangi sahifa, oilaviy barqarorlik va farovonlik timsoliga aylandi.

– Yolg‘iz ona bo‘lganim sababli uy olish men uchun deyarli imkonsiz tuyulardi, - deydi pastdarg‘omlik Munisa Shomurodova. - Uch farzandim bilan birga ota-onamning kichik xonadonida yashar edik. Har kuni farzandlarimga munosib sharoit yaratishni orzu qilardim, ammo moliyaviy imkoniyatlar cheklangani sabab bu faqat orzu bo‘lib qolaverardi. Biroq yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash siyosati tufayli bugun men ham o‘z uyimga ega bo‘ldim. Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi yangi uylardan, subsidiya orqali xonadon olish imkoniga ega bo‘ldim. O‘z navbatida muddatli to‘lov sharoitimni yaxshilash uchun tuman hokimligi tomonidan ishli bo‘lishimda ham katta ko‘mak ko‘rsatildi. Bu nafaqat men, balki farzandlarim uchun ham yangi hayot boshlanishi bo‘ldi.

Farovonlik faqat moddiyatda emas

Farovonlik faqat boylik yoki moddiy ne’mat emas, u tinchlik, adolat, ta’lim, tibbiyot, ish va istiqbol demakdir. Aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash fuqarolarning hayot sifati, farovonligini ta’minlashda muhim mezon hisoblanadi. Ma’lumki, avvallari oliygohlarga o‘qishga kirish juda qiyin bo‘lgan. Kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Bu masalalar hisobga olinib, oliy ta’limga qabul kvotasi yildan-yilga oshirilmoqda. Viloyatda 2010 yilda oliy ta’lim muassasalari 6 ta bo‘lib, ularda  23 ming talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugunga kelib 19 ta ta’lim muassasasida 101 ming 710 nafar talaba-yoshlar o‘qimoqda.

Uzluksiz ta’lim ijodiy, ijtimoiy faol hamda ma’naviy boy shaxsni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Uzluksiz ta’limning yagona tizimida esa maktabga tayyorgarlik muhim o‘rin tutadi. Ilgari faqat shahar joylarda ishlaydigan onalar farzandlari maktabgacha ta’lim bilan qamralgan bo‘lsa, bugun tarmoqda kengayish hisobiga qamrov darajasi keskin oshgan. 2010 yilda 574 ta bog‘cha faoliyat yuritib, tarbiyalanuvchilar soni 45 ming 298 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun 4 ming 100 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti 275 ming 719 nafar baxtiyor bolajonlarni o‘z bag‘riga olgan. Bu bilan hududlarda bolalar uchun qulay, xavfsiz va rag‘batlantiruvchi muhit yaratilib, kelajak avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratilmoqda.

Zamonaviy tibbiy texnologiyalar joriy etilib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligi keskin oshdi. 2010 yilda viloyatda 117 ta tibbiyot muassasasi mavjud bo‘lib, ular 14 ming o‘ringa ega bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda shunday muassasalar soni 125 taga yetkazilib, o‘rinlar 17 ming 115 tani tashkil etmoqda. Albatta, bu shunchaki ma’lumot emas, bu raqamlar ortida inson salomatligiga bo‘lgan yuksak e’tibor mujassam.

Bugungi kunda tibbiyot sohasidagi xizmatlarning ko‘lami va qamrovi faqatgina davlat shifoxonalari bilan cheklanib qolmayapti. Xususiy tibbiyot ham jadal rivojlanmoqda. Shuningdek, tibbiyot sohasidagi kadrlar salohiyatida ham jiddiy o‘sish kuzatildi. 2010 yilda viloyatda 8 ming 61 nafar shifokor faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 11 ming 988 nafarga yetgan. 

To‘kinlikda – farovonlik aksi

Odamlar ehtiyojlarining turli toifasida, eng muhimi, uning oziq-ovqat tovarlari iste’moli me’yorlari mezon bo‘lib, el dasturxoni to‘kinligi farovonlikning asosiy o‘lchovidir. Keyingi yillarda aholi soniga nisbatan daromadlari ham yuqori sur’atlar bilan ko‘payishi sababli jon boshiga to‘g‘ri keladigan eng muhim oziq-ovqat tovarlari bo‘yicha iste’mol hajmi, sarf-xarajatlar miqdori ham sezilarli ravishda ko‘paymoqda.

2024 yil yakunida viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 57,4 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 63 trillion so‘mga yetishi, 103,8 foiz o‘sishga erishish prognoz qilingan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan olti oyda 21,1 trillion so‘mlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqilib, 104,6 foiz o‘sishga erishilgan. Viloyat bo‘yicha 90,6 ming gektar g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekinlar ekildi va ulardan 500,5 ming tonna hosil olish kutilmoqda. Albatta, bu raqamlar shunchaki xomcho‘t emas, real tajriba sinovi asnosidagi aniq ko‘rsatkichlar. Qanday o‘lchov bilan qaralmasin, bu natijalar – oddiy tuproqda unadigan nishona emas, balki “aql bilan sug‘orilgan”, milliy iqtisodiyotning innovatsion  agrostrategiyasi mevasi.

Islohotlar xalq ovoziga tayanadi

“Eng yaxshi narsaga ega bo‘lgan emas, balki o‘zidagi bor narsani eng yaxshi deb bilgan kishi baxtlidir”.

Konfutsiy.

Ha, bugun atrofimizdagi ko‘pgina yaxshi o‘zgarishlarni, “noshukurlik sindromi”da ko‘pam ilg‘ayvermaymiz. Biz uchun ko‘nikmaga aylanib qolayotgan farovonlik omillari shu kunga qadar ko‘pgina islohotlarda – valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi, davlat xizmatlari tizimining rivojlantirilishi, ortiqcha byurokratiyaga barham berilishi, majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnatining tugatilishi, kommunal tizimning tubdan o‘zgarishida, muhim ijtimoiy infratuzilmalarning amalga oshirilishida namoyon bo‘lmoqda.

Xuddi shunday, qishloq va shahar tafovutini kamaytirish, aholining barcha qatlamlari munosib hayot kechirishini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda xalqchil soliq va byudjet siyosati yo‘lga qo‘yildi. Bu, eng avvalo, byudjet jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirdi, byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirdi. “Mening yo‘lim”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” loyihalarini shakllantirish, byudjet mablag‘larini aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarga yo‘naltirish va ularning natijadorligini ta’minlash jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash mexanizmlari yanada takomillashtirildi. Natijada bu loyihalar orqali aholi o‘z ovozi bilan o‘z mahallasini obod qilishi, infratuzilmasini yaxshilash imkoniga ega bo‘ldi.

Ha, ba’zan shukronalikdan boshqa hamma narsamiz bordek tuyuladi. Aslida, haqiqiy farovonlik shukronalik bilan boshlanadi, qanoat bilan davom etadi, ishonch bilan yuksaladi. Darhaqiqat, Samarqanddagi farovonlik manzaralari endi qaysidir kelajak orzulari emas, bu – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida shakllanayotgan bugungi hayotimizning ayon va sezilarli ko‘rinishi.

Shuhrat Normurodov.