Nyu-Yorkdagi strategik muloqot

Joriy yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.
Donald Tramp ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Tramp o‘zining 2018-yildagi va shu yil sentabr oyidagi telefon orqali muloqotni eslatib o‘tdi. Bu uchrashuv avvalidagi diplomatik tayyorgarlik va munosabatlar borasidagi ishonch belgisi edi.
Tahlilchilar tomonidan uchrashuv Markaziy Osiyo geosiyosiy sahnasida muhim voqea sifatida qayd etildi. Negaki Donald Tramp Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan faqat O‘zbekiston rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda nimalar haqida gaplashildi? O‘zbekiston - AQSh munosabatlarida yangi sahifa ochgan muloqotda iqtisodiy, siyosiy va strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Xabarlardan anglash mumkinki, prezidentlar asosan quyidagi masalalarni muhokama qildi:
Iqtisodiy hamkorlik – O‘zbekistonda Amerika kompaniyalari faoliyat yuritishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, zamonaviy texnologiyalar kelishi haqida gaplashildi.
Investitsiya – Amerika banklari va investorlari O‘zbekistondagi yirik loyihalarda qatnashishi mumkin. Bu mamlakat iqtisodi uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
Energetika va sanoat sohasi – Amerika kompaniyalari bilan neft, gaz va qazilma boyliklarini qo‘shma tarzda qayta ishlash haqida muzokaralar olib borildi.
Aviatsiya va logistika – Samolyotlar va aeroportlar sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilindi.
Bu uchrashuv — O‘zbekistonning tashqi siyosatda faol va ochiq ekanligini ko‘rsatdi. Sh.Mirziyoyev Amerika prezidenti bilan yuzma-yuz uchrashib, dunyoga quyidagilarni bildirdi:
– O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega;
– mamlakat tashqi sarmoya va texnologiyalarga ochiq.
Bu uchrashuv nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham muhim. Xususan, AQSh – dunyodagi eng yirik iqtisodiyot. Uning O‘zbekistonga qiziqishi mamlakatimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, belgilangan loyiha va kelishuvlar ikki davlatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratadi. Tashqi investitsiyalar orqali iqtisodiyot o‘sishi imkoniyatlari oshadi. Yana bir muhim tomoni, iqtisodiy sohada yangi texnologiyalar kelishi mumkin.
Muloqot davomida janob Tramp prezidentimizning Amerikaning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan bir kun avval bo‘lib o‘tgan uchrashuvi natijalarini yuqori baholagani ham bunga yaqqol isbot bo‘ladi.
Darvoqe, uchrashuv yakunlarida Prezident Mirziyoyev Donald Trampni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi. Tramp esa bu taklifni ijobiy baholab, “Men bu haqda o‘ylab ko‘raman” deb javob berdi. Bu — O‘zbekiston tashqi siyosatida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muvozanatni saqlash strategiyasiga mos qadam hisoblanadi.
Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning uchrashuvi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar uchun muhim qadam. Bu nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy taraqqiyot, yangi imkoniyatlar va xalqaro nufuz uchun ham foydali uchrashuv bo‘ldi.
O‘zbekiston bugun jahon davlatlari bilan ochiq va do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qilmoqda. Amerika bilan bunday muloqotlar esa bu maqsadga erishishda katta ahamiyatga ega.
Diyor HUSANOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.