O‘zbek olimlari pomidordan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratdi

O‘zbek olimlari tomonidan genetik vektorlar va pomidor o‘simligi asosida koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi marta pomidor o‘simligidan  to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qilinadigan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi.

Olimlar tomonidan koronavirusning S1 antigen oqsilini kodlovchi gen fragmenti maxsus vektorlarga joylashtirilib, pomidor xujayrasi genomiga kiritildi. Bu xujayralardan S1 antigeni oqsilini muntazam ishlab chiqaruvchi pomidor o‘simligi olindi. Bunday o‘simliklardan olingan pomidor mevasida 0.77 mkg/gr miqdorida turg‘un S1 antigen oqsili sintez bo‘lishi ko‘rsatib berildi va TOMAVAC vaksinasi sifatida tanlab olindi.

Yaratilgan TOMAVAC vaksinasi sinovlari sichqonlar va ko‘ngilli insonlar qon zardobida (IgG) va ichakda yuqori miqdorlarda neytrallovchi antitanachalar (IgA) hosil bo‘lishini isbotladi.

Bunda tajriba sichqonlarida va ko‘ngillilarda salbiy nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi.

Ushbu tadqiqot TOMAVACni ikki bosqichli (ichak shilliq pardasi va qonda) himoyani ta’minlovchi xavfsiz vaksinaligini ko‘rsatdi va u birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ist’yemol qilinadigan COVID-19 vatsinasi sifatida ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.

Muhimi, yaratilgan vektor tizimi va tajriba asosida, zarur hollarda, mamlakatimizda turli infeksiyalarga qarshi vaksinalarni qisqa muddatlarda yaratish va joriy etish imkoniyati va yangi avlod mutaxassislari shakllantirildi.

Vaksina ustidagi tadqiqotlar xorijning nufuzli “Frontiers in Nutritional Immunology” (IF=5.0) jurnalida nashr qilinib, sichqonlarda hamda ko‘ngilli insonlarda o‘tkazilgan birinchi faza immunogenlik va bioxafsizlik sinovlari natijasi e’lon qilindi.