“Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali boshlandi

Milliy taomlarimizning keng targ‘ib etish va viloyatimizda gastronomik turizmni rivojlantirish maqsadida 1–3 avgust kunlari Samarqand shahrida “Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali o‘tkazilmoqda.
Festival dasturiga ko‘ra, birinchi kun Samarqand shahridagi Sulton Hovand Beka maqbarasi — Ashratxona majmuasida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan sara oshpazlar ishtirokida osh tayyorlash bo‘yicha musobaqa o‘tkazilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, bu yerda respublikamizning 14 hududidan mohir oshpazlar palov tayyorlashdagi mahoratlarini namoyon etmoqda. Jarayonda foydalanilayotgan masalliqlar va ziravorlar hakamlar hay’ati tomonidan 100 ballik tizimda baholab borilmoqda.
Festival avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Tolibjon Umaraliyev, Samarqand shahar hokimi F.Umarov bugungi kunda viloyatimizda gastronomik turizmni rivojlantirish, ayniqsa milliy taomlarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida gapirib, ishtirokchilarga omad tiladi.
“Samarqand oshi” festivalida mahalliy oshpazlar bilan birga Ozarbayjon, Turkiya, Yaponiya, Qatar, Misr, Pokiston, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan oshpazlar o‘z mahoratini namoyon etmoqda. Shu bilan birga, 14 davlatdan 50 nafardan ziyod OAV vakillari Samarqandda bo‘lib, ushbu festivalni xalqaro axborot maydonida yoritmoqda.
Festival dasturiga ko‘ra, bugun “Palov/osh – O‘zbekiston xalqlari milliy oshxonasining madaniy va gastronomik timsoli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Tadbirda milliy taomimiz bo‘lgan palov (osh)ning tarixi, biologik va energetik xususiyatlari, bu taom bilan bog‘liq qadriyat va an’analar haqida so‘z yuritildi. Yurtimizning turli hududlarida tayyorlanadigan “Farg‘ona palovi”, “Samarqandcha palov”, “To‘y oshi”, “Buxoro palovi”, “Qovurma palov” va boshqa turlari, ularning tarkibi hamda pishirish usullari yuzasidan mutaxassislar tomonidan fikrlar bildirildi.
– Men o‘z hayotimda ilk bor Samarqandda o‘zbek palovining keng madaniy mazmunini his qildim, - deydi pokistonlik oshpaz Amina Basit. – Biz uchun guruchli taomlar oddiy ovqat bo‘lishi mumkin, lekin bu yerda palov – tarix, marosim, oilaviy birlik va mehmondo‘stlik timsoli ekanini angladim. Men palov pishirishdagi nozik sirlarni ham o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim.
Ertaga, festivalning ikkinchi kuni Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida 15 dan ortiq davlatdan kelgan dunyoga mashhur oshpazlar palov osh va o‘z milliy taomlarini tayyorlashadi.
3 avgust kuni esa “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida joylashgan “Boqiy shahar” majmuasida festivalning asosiy tadbiri — 7 tonnalik osh tayyorlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida maxsus tayyorlangan qozonda osh 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijiy oshpaz ishtirokida tayyorlanadi. Mehmonlar osh tayyorlash jarayonini kuzatib, taomdan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Festival doirasida 200 nafardan ziyod oshpaz ishtirokida musobaqalar tashkil etiladi. 20 turdagi noyob osh tayyorlanib, oshpazlardan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning oshlari va milliy taomlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari tashkil etiladi.