Strategik vazifalar masalaga jiddiy, tashabbusili yondashuvni talab qiladi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kengash raisi Sh.Negmatov boshqargan sessiyada dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilidagi ijrosi bo‘yicha ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2017-yilda viloyat bo‘yicha 564 ta bog‘chaga 3-7 yoshdagi bolalarning 20,9 foizi qamrab olingan bo‘lsa, bugunga kelib, 4112 ta bog‘chaga 73,2 foiz maktabgacha yoshdagi bolalar qamrab olindi.

Viloyatdagi mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 117 tasi yangi baholash tizimiga o‘tkazilib, joriy o‘quv yili yakunigacha ularning sonini 200 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ilgari Toshkentdagi tibbiyot markazlarida amalga oshirilgan 320 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar o‘tgan yil viloyatdagi 3400 nafar bemorda amalga oshirilib, natijada poytaxtda davolanuvchilar soni ikki barobarga kamaydi.

Keyingi 2-3 yilda viloyatda 115 ta sport maydonchalari - 48 ta universal, 35 ta stritbol-vorkaut, 32 ta vorkautlar qurilib foydalanishga topshirildi. Joriy yil yakuniga qadar 28 ta sport maydonchalari qurilishi rejalashtirilgan. To‘rtta sport maydonchasini qurish ishlari davom etmoqda. Yana to‘rtta sport maydonchasida qurilish ishlari boshlanish arafasida.

Hisobotni eshitgan deputatlar bog‘chalarda hali-hanuz tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda kamchiliklar kuzatilayotganiga e’tibor qaratishdi. Jumladan, deputatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ratsion bo‘yicha sifatli taom yetkazib berish xizmatlarini nazorat qilish bo‘yicha ishchi komissiya tuzish taklifini bildirdilar. Shuningdek, maktab hojatxonalarini qurish, sanitariya-gigiena holatlarini yaxshilashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida maktablar o‘z mikrohududidan tashqari holatlarda ham o‘quvchi qabul qilayotgani, direktorlar o‘qituvchilarga ustama belgilash jarayonini yopiq tarzda tashkil etayotgani, shaffoflik ta’minlanmayotgani tanqid qilindi. Sport inshootlari faoliyatini to‘kis ta’minlashda ham sustkashliklar kuzatilayotgani aytildi.

Shundan so‘ng reproduktiv salomatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yil yakuniga qadar ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyevning hisoboti eshitildi.

- Sog‘lom farzandni dunyoga keltirish, umuman, sog‘lom oilani shakllantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi, - dedi S.Zayniyev. - Viloyatda 3-18 yoshli bolalar qariyb 1 million 200 ming nafarni tashkil qiladi. Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida 826,5 ming nafar bola gematoonkologik ommaviy skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Ularning 68 ming nafardan ortig‘i selektiv skrining tekshiruvidan o‘tkazilib, 35 nafar bolada kasallik aniqlangan.

Joriy yilning o‘tgan davrida 2-10 yoshli 824 ming nafarga yaqin boladan 76 foizi gelmintoz kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlardan o‘tkazildi. Salkam 70 ming nafar bolada kasallik aniqlanib, antigelmint dori vositalari bilan ta’minlandi va ularni sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatdagi “Ayollar maslahatxonasi” bo‘limlarida 173 nafar akusher-ginekolog faoliyat yuritadi. Joriy yilning o‘tgan davrida onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan 371 ming nafardan ziyod ayollarning 80,5 foizi tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tug‘ma rivojlanish nuqsoni va xromosom anomaliya bilan tug‘ilgan chaqaloqlar 103 nafarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38 nafarga kamaydi. Ammo bu ko‘rsatkich Bulung‘urda 7, Kattaqo‘rg‘on shahrida 5, Toyloqda 2, Qo‘shrabotda bir nafarga ortgan.

Sessiya ishtirokchilari onalar va go‘daklar o‘limining oldini olish, aholining tibbiy madaniyatini oshirishda nafaqat tibbiyot xodimlari, balki deputatlar va keng jamoatchilik faol bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, oilaviy ajrimlar sonining oshishiga sabab bo‘layotgan bepushtlikka qarshi kurash choralarini kuchaytirish, kam ta’minlangan oilalarda bepushtlikdan davolanish xarajatlarida imtiyozlar belgilash, abgor holatdagi tez yordam xizmati mashinalarini yangisiga almashtirish kabi masalalar bo‘yicha takliflarini ilgari surdilar.

Sessiyada “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Kadastr agentligining “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar asosida 57 nafar fuqaroning mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi.

Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash), viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, viloyat mahalliy budjetining 2025-yil hisobidan maqbullashtirilgan mablag‘larni yo‘naltirish, mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish, viloyat hokimining 2025-yil 27-avgustdagi “Viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qarorini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.