Qaysi fanlarga milliy sertifikat joriy qilingan?

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning Milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika, biologiya, kimyo, fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha sertifikatlashning joriy qilish muddatlari belgilangan. Bugungi kunda qarorda belgilangan barcha fanlar bo‘yicha Milliy sertifikatlash yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab huquq fanidan bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovini tashkil etish hamda uning natijalari asosida davlat namunasidagi sertifikat berish rejalashtirilgan.

Sertifikat olish tartibi qanday?

Yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, talabgor mustaqil ravishda belgilangan shakldagi so‘rovnomani https://my.gov.uz/ sayti orqali elektron ravishda to‘ldiradi va imtihon sanasi va hududini mustaqil ravishda o‘zi tanlaydi. Mazkur Nizomning 7-bandida “Talabgorga so‘rovnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng vakolatli organ tomonidan test sinovidan o‘tish qoidalari va test sinovini o‘tkazish sanasi u o‘tkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin YaIDXP orqali e’lon qilinishi belgilangan. Yana shuni ta’kidlashimiz kerakki, talabgor 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ID-karta yoki xorijga chiqish pasporti orqali ro‘yxatga olinadi. Agar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari tomonidan Milliy sertifikat olish istagi bo‘lsa, ushbu toifa talabgorlar Adliya vazirligi tomonidan vaqtincha ro‘yxatga olinadi hamda ularga JShShIR raqami shakllantiriladi.

Milliy sertifikat olganlarga qanday imtiyoz beriladi?

Vazirlar Mahkamasining 646-son qarorida “...2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etilishi” belgilangan. Qarorning qisqacha mazmuni shuni anglatadiki, mazkur sertifikat oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha imtiyoz beradi. Shuningdek, boshqa tashkilotlar o‘zlarining ichki hujjatlari asosida imtiyoz qo‘llayotgan bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha batafsilroq ma’lumot beraylik. Ya’ni, Milliy test tizimida hozirda A+, A, B+, B, C+, C, darajali sertifikatlar beriladi.

Test natijalari xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblanadi. Unga ko‘ra:

70 balldan yuqori ball olgan talabgorga A+ daraja;

65 — 69,9 ball olgan talabgorga A daraja;

60 — 64,9 ball olgan talabgorga B+ daraja;

55 — 59,9 ball olgan talabgorga B daraja;

50 — 54,9 ball olgan talabgorga C+ daraja;

46 — 49,9 ball olgan talabgorga C darajali sertifikat beriladi.

Sertifikatlar 3 yil muddatga amal qilinadi. Bunda:

A+, A darajali sertifikat olgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi;

B+, B, C+, C, darajali sertifikat olgan abituriyentlarga mos ravishda sertifikatdagi umumiy ballga nisbatan foiz asosida oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

Milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 oktyabrdagi 652-son qaroriga muvofiq musiqa madaniyati fani va jismoniy tarbiya fanini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha A+, A, B+, B, C+, C darajali sertifikatlar berilishi ham yo‘lga qo‘yildi.

B+ va undan yuqori darajali sertifikat olgan o‘qituvchiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oylik maoshiga ustama beriladi.

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat joriy qilindimi?

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu tizim bo‘yicha umumta’lim fanlarini bilishning ma’lum darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lish orqali tegishli vazirlik qarorlari asosida o‘qituvchilarga ustama belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Aynan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab milliy sertifikat berish tizimi amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan. Hozirda me’yoriy-huquqiy jihatlari ishlab chiqilmoqda.

Milliy sertifikatni sotib olsa bo‘ladimi?

Bunday mazmundagi ma’lumotlar quloqqa chalinib turadi, buni tabiiy hol deb tushunish kerak. Tizimda shaffoflik, adolat va xolislikni ta’minlash maqsadida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, har bir xodim O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzurida tashkil etilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish” o‘quv kurslarida malakasini oshirib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishgan. Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan test natijalari tahlili xalqaro hamkorlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Bir qancha davlatlar agentlik tomonidan yo‘lga qo‘yilgan testlarni o‘z davlatlarida birgalikda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham kelishuvlar imzolash ustida ishlashyapti. Fuqarolar tizimdagi korrupsiyaga oid ma’lumot, murojaatlarni qabul qilish uchun rasmiy murojaat, taklif yoki shikoyat yubormoqchi bo‘lsa, quyidagi manbadan https://murojaat.gov.uz foydalanishi yoki Ishonch telefoniga (1195) 71-235-19-14 qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Agar abituriyentlarga milliy sertifikat olib berishni va’da qilishsa yoki o‘qishga kirishda korrupsiya omillarini keltirib chiqaruvchi vaziyatlar yoki holatlarga duch kelsalar, Bilim va malakalarni baholash agentligiga, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin.

Vohid SIRLIBOYeV,

Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i.