Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Putin nega Vetnamda? Dunyoda vabo epidemiyasi kuchaymoqda

🔹 Rossiya prezidenti Shimoliy Koreyaga tashrifini yakunlab, mintaqada sheriklikni mustahkamlash maqsadida Vetnamga yo‘l oldi. Rossiya Vetnamning neft va gaz sektorida muhim ulushga ega. Putinning Vetnamga tashrifi nafaqat Rossiyaning mintaqadagi o‘z mavqeini mustahkamlash istagini, balki xalqaro sanksiyalar va o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq muammolarga javob berishini anglatadi.

🔹 Joriy yilning may oyida 46 mingdan ortiq kishi vabo bilan kasallangan, bu aprel oyiga nisbatan 58 foizga ko‘pdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu kasallikning yanada tarqalish xavfini juda yuqori deb baholagan. Ayniqsa, Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasida: Afg‘oniston va Pokistonda kasallik tez tarqalmoqda.

🔹 Savanta o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Britaniyaning hukmron Konservativ partiyasi 365 o‘rindan atigi 53 o‘rinni saqlab qolgan holda parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotishi mumkin. Ta’kidlanishicha, Sunak Britaniya tarixidagi yangi parlament tarkibiga kiritilmaydigan birinchi bosh vazir bo‘lishi mumkin. Agar u parlamentga kira olmasa, Rishi Sunakning siyosiy faoliyati xavf ostida qoladi va bu Britaniya siyosati tarixida misli ko‘rilmagan voqea bo‘ladi.

🔹 Vashington Ukraina armiyasining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni vakolatlari may oyida tugagan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rniga eng munosib nomzod deb hisoblaydi. "Zelenskiyning "foydaliligini" tugatgan va "Rossiyaning strategik mag‘lubiyati" umidlari befoydaligini anglagan Oq uy uning o‘rniga Moskva bilan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar uchun maqbul bo‘lgan ukrainalik siyosatchilardan birini qo‘llaydi", deyiladi OAVda.

🔹 Kanada rasmiylari Islom inqilobi gvardiyasi korpusini terrorchi tashkilot deb tan oldi. Yevropa Ittifoqi esa uni tan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

🔹 Afina chekkasidagi o‘rmon yong‘inlari sababli aholini evakuatsiya e’lon qilishiga to‘g‘ri keldi.

🔹 Dog‘istonda cho‘pon va 50 dan ortiq qo‘y yashin urishi oqibatida halok bo‘ldi. Hodisa No‘g‘ay viloyatining Shumli-Olik qishlog‘i chekkasida sodir bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, chaqmoq urishi vaqtida cho‘pon telefonda gaplashgan.