“Yoshlar daftari”ni yuritish bo‘yicha ko‘rsatkichlar aksariyat tuman (shahar)larda past. Nega?

Bu haqda viloyat Matbuot uyida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Ismoilov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirildi.

Dastlab joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, 70 ming 808 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, joriy yil 26 sentyabr holatiga 69 ming 508 nafar (98,2 foiz) yoshlar "daftar"dan chiqarildi. Hozirda viloyat bo‘yicha 1300 nafar (1,8 foiz) yoshlar "daftar"da turibdi.

Reyting natijalariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Jomboy, Narpay, Past Darg‘om, Qo‘shrabot tumanlarida “Yoshlar daftari”ni yuritish bo‘yicha ko‘rsatkichlar past. Shuningdek, yoshlarni "daftar"dan chiqarish ishlari Samarqand, Past Darg‘om, Jomboy tumanlari va Samarqand shahri viloyat ko‘rsatkichidan ortda qolmoqda.

- “Yoshlar daftari” jamg‘armasi bo‘yicha jamg‘armalarda 32,2 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘ shakllantirildi, - deydi D.Ismoilov. - Ushbu mablag‘ hisobidan “Yoshlar daftari”dagi 16 ming 777 nafar yoshlarga 26,5 mlrd. so‘m miqdorda ko‘mak ko‘rsatildi. Bugungi kunda jamg‘armalarda 5,7 mlrd. so‘m mablag‘ mavjud. Mahalliy byudjet daromadlarining prognoz ko‘rsatkichining oshirib bajarilgan qismi birinchi chorak yakuni bo‘yicha 40 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 7,1 mlrd so‘m miqdorda jamg‘armalarga tushirilgan. Shuningdek, ikkinchi chorak yakuni bo‘yicha mahalliy byudjet daromadlarining prognoz ko‘rsatkichining oshirib bajarilgan qismi jami 42,6 mlrd. so‘mni tashkil etadi. 

Anjuman davomida ayrim tuman-shaharlarda jamg‘arma mablag‘larining sarflanishi qoniqarli emasligi aytildi. Jumladan, viloyat bo‘yicha Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Qo‘shrabot, Nurobod, Paxtachi, Samarqand, Narpay, Payariq, Past Darg‘om, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy, Oqdaryo, Ishtixon, Toyloq tumanlarida dastlabki 8 oy davomida yoshlarni ishchilarni kasbiy qayta tayyorlash uchun mablag‘lar yo‘naltirilmagan. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri, Qo‘shrabot, Nurobod, Paxtachi, Samarqand, Narpay, Past Darg‘om, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy, Urgut, Oqdaryo, Toyloq tumanlarida tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish uchun mablag‘lar ajratilmagan.