Alifbo islohoti: Uzoq cho‘zilgan jarayonning sabablari va oqibatlarini bilasizmi?

Yaqinda Turkiyaning “The Diplomat” jurnalida e’lon qilingan “Kirill yozuvidagi turg‘unlik: nega O‘zbekistonda alifbo islohoti 30 yildan keyin ham yakuniga yetmayapti?” sarlavhali maqolada lotin yozuviga o‘tish jarayoni tahlil qilinadi.

Maqola muallifi Ibn Xaldun universiteti huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Dolunа́y Yusuf Baltyurk bu masalani mustaqillik, milliy o‘zlik, sovet davri merosi, avlodlar almashinuvi va siyosiy qarorlar bilan bog‘liq murakkab jarayon sifatida ko‘rsatadi. Muallifning yondashuvi to‘g‘ri. Chunki alifbo jamiyatning tarixiy xotirasi, ta’lim tizimi, ilm-fani, matbuoti va kundalik hayoti bilan chambarchas bog‘langan. Shuning uchun bir yozuvdan ikkinchisiga o‘tish faqat alifbodagi harflarni almashtirishdan iborat emas. Avvalo, alifbo islohoti mustaqillik siyosatining bir qismi edi. O‘zbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishganidan keyin davlat va jamiyat hayotining ko‘plab sohalarini yangilashga kirishdi.

Alifbo islohoti ham ana shu jarayonning bir qismi bo‘ldi. 1993-yilda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish haqida qonun qabul qilindi. Bu qaror O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida yangi yo‘l tanlayotganini ko‘rsatuvchi ramziy qarorlardan biri bo‘ldi. Shu bilan birga, lotin yozuvi xalqaro axborot makoniga yaqinlashish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash va jahon kommunikatsiya tizimiga qo‘shilish uchun qulayroq vosita sifatida ham qaraldi. Shu jihatdan maqolada alifbo islohotining milliy davlat qurilishi bilan bog‘lanishi asoslidir. Ammo bu yerda muhim bir masalani ham unutmaslik kerak. Kirill yozuvini “sovet davrining qoldig‘i”, lotin yozuvini esa “mustaqillik ramzi” sifatida baholash ham mushkuldir.

Chunki 1940-yildan boshlab yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida o‘zbek xalqining juda katta ilmiy, adabiy va madaniy merosi kirill yozuvida yaratildi. Tarixga oid kitoblar, badiiy asarlar, gazeta va jurnallar, ilmiy tadqiqotlar, ensiklopediyalar va arxiv hujjatlarining katta qismi aynan shu yozuvda saqlanmoqda. Ya’ni, kirill yozuvi bir tomondan sovet madaniy propagandasining natijasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan XX asr o‘zbek madaniyati va ilm-fanining muhim yozma xotirasiga ham aylangan.

Maqola sarlavhasida kirill yozuvi bilan bog‘liq turg‘unlik haqida gap boradi. Bunday sarlavha o‘quvchida go‘yoki O‘zbekistonda lotin yozuviga o‘tishga kirill yozuvining kuchli mavqei to‘sqinlik qilayotgandek taassurot uyg‘otishi mumkin. Aslida masala bundan murakkabroq. O‘zbekistondagi asosiy muammo aholining lotin yozuvini qabul qilmaganida emas. Bugungi kunda yosh avlodning katta qismi lotin yozuvida ta’lim olgan. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, maktab va oliy ta’limda lotin yozuvi keng qo‘llanmoqda. Ya’ni, jamiyat lotin yozuvini qabul qilolmayapti degan fikr noto‘g‘ri.

Muammoning asosiy sababi sifatida alifbo islohotidagi yetishmayotgan izchillikni ko‘rsatish mumkin. 1993-yilda alifbo qabul qilindi. 1995-yilda unga o‘zgartirish kiritildi. Keyinchalik lotin yozuviga to‘liq o‘tish muddatlari bir necha bor uzaytirildi. 2010-yil ham yakuniy muddatlardan biri sifatida ko‘rsatilgan edi. Ammo bu vazifa bajarilmadi. 2021-yilda davlat idoralari va boshqa tashkilotlarda lotin yozuviga to‘liq o‘tish bo‘yicha yana yangi vazifalar belgilandi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab ish yuritishni to‘liq lotin yozuviga o‘tkazish rejalashtirildi. Lekin bugunga kelib ham kirill va lotin yozuvlari parallel ishlatilmoqda.

Bu holatdan chiqarish mumkin bo‘lgan xulosa shuki, alifbo islohotining cho‘zilib ketishiga birinchi navbatda siyosiy qarorlar va amaliy ijro o‘rtasidagi farq sabab bo‘lgan. Qonun va qarorlarda bir narsa belgilangan, kundalik hayotda esa boshqa holat shakllangan. Oqibatda O‘zbekistonda ikki yozuvli muhit shakllandi. Katta avlod vakillari asosan kirill yozuvida savod chiqargan. Ularning kitob o‘qish, yozish va axborot qabul qilish tajribasi kirill bilan bog‘langan. Yosh avlod esa asosan lotin yozuvida ta’lim olgan. Natijada bir mamlakat ichida bir tilda gaplashuvchi, lekin turli yozuvlarda o‘qishga ko‘proq moslashgan ikki katta avlod shakllandi.

Bu holatni ham ijtimoiy, ham madaniy hodisa sifatida ta’riflash kerak. Masalan, 60–70 yoshli odam kirill yozuvidagi matnni tezroq o‘qishi mumkin. 20 yoshli talaba esa lotin yozuvidagi matnni tabiiyroq qabul qiladi. Shuning uchun kirill yozuvining hali ham norasmiy tarzda amalda bo‘lishi siyosiy iroda bilangina bog‘liq emas. Uning ortida avlodlar almashinuvi va katta madaniy meros mavjud. Maqolada bu holat ma’lum darajada ko‘rsatilgan. Lekin masalani yanada chuqurroq tahlil qilish uchun kirill yozuvining ijtimoiy vazifasiga ham e’tibor qaratish lozim.

Muammolardan yana biri lotin alifbosining o‘zi uzoq vaqt yakuniy shaklga kelmaganidir. Ya’ni, alifboning tez-tez o‘zgarishi islohotni sekinlashtirdi. Bu haqda shu vaqtgacha ham turli darajadagi chiqishlar, maqolalar chop etilgan edi. 1993-yilda qabul qilingan alifbo 1995-yilda o‘zgartirildi. Keyinchalik ham O‘, G‘, Sh, Ch kabi harflar va birikmalarni boshqa ko‘rinishga o‘tkazish masalasi muntazam muhokama qilindi. 2026-yilda esa alifboga yana o‘zgartirish kiritish takliflari jiddiy siyosiy-huquqiy bosqichga chiqdi.

Agar davlat fuqarodan yangi yozuvni to‘liq o‘zlashtirishni talab qilsa, avvalo, shu yozuvning yakuniy va barqaror shakli aniq bo‘lishi kerak. 90-yillarda bir ko‘rinishdagi lotin yozuvi o‘rganildi, keyin unga o‘zgartirish kiritildi, oradan vaqt o‘tib yana yangi shakl taklif qilindi. Bunday vaziyat tabiiy ravishda jamiyatda alifboga nisbatan nopisand munosabatni ham tug‘dirishi mumkin. Nashriyotlar ham kitoblarni qaysi grafik standartda chiqarish masalasiga duch keladi. Davlat idoralari, maktablar, elektron tizimlar va ommaviy axborot vositalari ham yangi standartlarga moslashishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, alifboning o‘zida uzoq vaqt davom etgan noaniqlik ham islohotning cho‘zilishiga xizmat qilgan. Shundan kelib chiqib, 2026-yildagi yangi o‘zgartirishlar qabul qilinadigan bo‘lsa, bu tizim imkon qadar uzoq muddatli va barqaror bo‘lishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, alifbo bir necha avlod foydalanadigan barqaror tizim bo‘lishi lozim.

Maqolaning asosiy xulosalaridan biri alifbo islohoti 30 yildan buyon turg‘un holatda ekaniga oid fikrlar. Buni qisman qabul qilish mumkin. Haqiqatan ham 1993-yilda boshlangan islohot 2026-yilgacha to‘liq yakunlanmagan. Bu juda uzoq muddat. Ammo jarayon butunlay to‘xtab qolgan, deb aytish ham to‘g‘ri emas. Shuning uchun “turg‘unlik” so‘zidan ko‘ra “yakunlanmagan yozuv almashinuvi” yoki “cho‘zilib ketgan alifbo islohoti” degan tushunchalar O‘zbekistondagi holatni aniqroq ifodalaydi.

Xorijiy tahlillarda lotin yozuviga o‘tish ko‘pincha Rossiya ta’siridan uzoqlashish bilan bog‘lanadi. Jumladan, biz ko‘rib chiqayotgan maqolada ham. Buni butunlay inkor qilib bo‘lmaydi. Sovet ittifoqi parchalangandan keyin Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston lotin yozuviga o‘tdi. Qozog‘istonda ham lotin yozuviga o‘tish uzoq vaqtdan beri muhokama qilinmoqda. Shuning uchun yozuv masalasi postsovet davlatlarining siyosiy va madaniy mustaqilligi bilan ham bog‘liq. Lekin alifbo islohotini “Rossiyadan uzoqlashish” deb tushuntirish noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu islohotning boshqa ehtiyojlari ham mavjud.

Birinchidan, lotin yozuvi zamonaviy axborot texnologiyalarida qulay.

Ikkinchidan, xalqaro ilmiy va axborot almashinuviga mos.

Uchinchidan, xalqaro yozma aloqalarni ma’lum darajada yengillashtiradi.

To‘rtinchidan, mustaqillik davrida shakllangan yangi milliy ramzlar tizimining bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun alifbo siyosatiga faqat geosiyosiy kurash sifatida qarash kerak emas.

Alifbo masalasi endilikda raqamli dunyoda ham muhim masalaga aylandi. Bugungi kunda 1990-yillardagidan farqli yangi muammo paydo bo‘ldi. Bu raqamli texnologiyalardir. O‘zbek tilidagi ma’lumotlarning bir qismi kirill yozuvida, bir qismi lotin yozuvida mavjud. Bu esa qidiruv tizimlari, elektron kutubxonalar, avtomatik tarjima va sun’iy intellekt tizimlari uchun murakkablik tug‘diradi. Masalan, bir tarixiy tushuncha kirillda bir ko‘rinishda, lotinda boshqa ko‘rinishda yoziladi. Kompyuter tizimi har doim ham ularni bir tushuncha sifatida taniy olmaydi. Maqolani o‘qiganda “Nega O‘zbekiston kirill yozuvidan voz kecha olmayapti?” degan savol paydo bo‘ladi. Menimcha, bu savol masalani to‘liq ochib bermaydi. To‘g‘ri savol - “Nega O‘zbekistonda 30 yildan ortiq vaqt davomida lotin yozuvining yagona, barqaror va barcha sohalarda bir xil ishlaydigan tizimini yarata olmadi?” bo‘lishi kerak nazarimizda. Masalaning mohiyati ana shu yerda. Natijada lotin yozuvi davlat, jamiyat, ilm-fan, ta’lim, matbuot va raqamli dunyoda bir xil darajada mustahkamlanmadi. Shuning uchun kelajakdagi siyosat lotin yozuvining aniq va barqaror standartini yaratish maqsadini ko‘zlashi kerak.

The Diplomat jurnalidagi maqola O‘zbekiston alifbo islohotining juda muhim muammosiga e’tibor qaratadi. Muallif haq. 1993-yilda boshlangan jarayon 30 yildan keyin ham to‘liq yakunlanmagan. Lekin bu holatni “kirill yozuvi hanuz kuchli” degan sabab bilan tushuntirish kerak emas.

Mahmudxon Yunusov,

tarixchi, muzeyshunos.