144 nafar fuqaro ishlash uchun Rossiyaga uchib ketdi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarining mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish, vaqtincha ishsiz qolgan yurtdoshlarimizni ular bo‘lib turgan mamlakatlarning pandemiyadan nisbatan kamroq zarar ko‘rgan boshqa soha va hududlariga ishga jalb qilish va karantin cheklovlari sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish bo‘yicha qator amaliy choralar ko‘rilayotgan edi. Bu haqda Agentlik axborot xizmati xabar berdi.

Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida rossiyalik ish beruvchilar va mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda bugun 144 nafar yurtdoshimiz Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketdi.
Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan so‘ng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish ob’yektlarida ish boshlaydi.