O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga mehnat vizasi olish yengillashishi mumkin
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyaga bordi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tashrif davomida mamlakatimiz elchixonasida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi bilan hamkorlikda yirik nemis ish beruvchi kompaniya vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Suhbatda vaqtincha xorijda ishlash istagida bo‘lgan hamyurtlarimizni Yevropaning rivojlangan davlatiga ishga jalb etish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ushbu davlatga mehnat migratsiyasini tez va samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Nemis ishbilarmonlari ayni paytda Germaniyada tashqi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini, ayniqsa, hamshiralik va feldsherlik, yuk mashinasi haydovchisi, sanoat, mexatronika, gastronomiya, yo‘l qurilishi sohalarida 130 mingdan ortiq ishchi kuchiga ehtiyoj mavjudligini bildirdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan buyon mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilib kelayotgan kompaniyalar vakillari o‘z tajribalari bilan bo‘lishdilar va boshqalarni ham mamlakatimiz bilan hamkorlikka chorladi. Shuningdek, muloqotda Germaniya mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda yurtdoshlarimizning kasbiy tayyorgarligini oshirish, nemis tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, viza olishda yengilliklar joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. Kasb-hunarga o‘qitishning nemis modelini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.
Nemis kompaniyalari vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorliklarini ta’kidlashdi.
Vazir Behzod Musayev tashrif davomida Germaniya hukumatining migratsiya masalalari bo‘yicha maxsus komissari Yoaxim Shtamp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida "Migratsiya va mobillik to‘g‘risida"gi hukumatlararo bitim loyihasi yakuniy matnini kelishish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning 25 ta kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini turli sohalarda vaqtincha ish bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Yana beshta kompaniya bilan muzokaralar olib borilmoqda. So‘nggi uch yilda 821 nafar O‘zbekiston fuqarosi Germaniyaga vaqtinchalik ishlashga jo‘natilgan, 1 ming 670 nafar fuqaro mehnat faoliyatini ushbu mamlakatda davom ettirish uchun tayyorgarlikdan o‘tmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik rivojlanib, vatandoshlarimizning bu mamlakatda ishlashlari uchun kasbiy tayyorgarlik va til o‘rganishlari ta’minlanib, ishga joylashishlari uchun sharoit yaratilmoqda.
"Simson Private Akademie" kasb-hunar ta’lim markazi ish boshqaruvchisi Maks Roymshyussel:
— Akademiyamiz turli kasblar, ya’ni chilangarlikdan tortib, mexanik, mexatronik yo‘nalishlarida dual kasbiy ta’lim asosida mutaxassislarni tayyorlaydi. 2021 yildan buyon O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik qilib kelyapmiz. O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolaganmiz.
Bugungi kunda O‘zbekistondan 50 dan ortiq yoshlar bizning ta’lim muassasalarimizda kasb sirlarini egallamoqda. O‘zbekistonlik yoshlarning bilimga chanqoqligi va til o‘rganishga ishtiyoqi yuqori. Biz bilan hamkorlik qiladigan kompaniyalar o‘zbekistonlik mutaxassislardan juda mamnun.
"GP Günter Papenburg AG" kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi Angela Pappenburg:
— O‘zbekiston elchixonasining Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Mazkur tadbirda O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining ishtiroki juda muhim bo‘ldi. Vazir bizning barcha savol va takliflarimizga o‘z fikrini bildirdi.
Mehnat migratsiyasi ikki tomon uchun ham dolzarb masala hisoblanadi. Germaniyada ayni paytda ishchi kuchi yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Nemis kompaniyalari kasbiy ta’lim olish va kelajakda ushbu kompaniyalarda ishlash istagida bo‘lgan yoshlarni izlamoqda. O‘zbekiston uchun ham bu amaliyot juda muhim ahamiyatga ega. Bu bir tomondan mamlakatda kasbiy ta’limni rivojlantirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan Germaniyada ta’lim olgan yoshlar kelajakda o‘z yurtlariga xalqaro tajribaga ega mutaxassis sifatida qaytadilar. Ya’ni, bu soha bo‘yicha hamkorlik ikki tomon uchun ham o‘zaro manfaatli hisoblanadi.