25 so‘mlikkacha bo‘lgan pullar muomaladan chiqariladi

Markaziy bank muomalaga chiqarilgan 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik, 1, 5, 10, 25 so‘mlik tangalar, shuningdek, 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik eski namunadagi banknotlar (qog‘oz pullar) 2020 yil 1 martdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotadi.

25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomda shu narzarda tutilgan, deyiladi "Huquqiy axborot" telegram kanalidagi xabarda.

Ushbu tanga va banknotlar hech qanday monelik, cheklovlarsiz, to‘lov yoki vositachilik haqi undirilmagan holda:

- 2020 yil 1 martga qadar hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari tomonidan;

- 2020 yil 1 martdan 2021 yil 1 yanvarga qadar esa faqat hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tanga va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021 yil 1 yanvargacha etib belgilangan.

Ushbu kichik qiymatdagi pullar mijozlar va aholining talabiga asosan quyidagicha taqsimlanishi mumkin:

- bank plastik kartasi hisobvaraqlariga kirim qilinish orqali (to‘liq qiymatda);

- muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berish orqali;

- mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilish orqali;

- kommunal va boshqa bir martalik to‘lovlar uchun qabul qilish orqali.