Pulni qayerdan, qanday topyapsiz?

«1xBet» haqida eshitmagan odam qolmadi, hisob. Yaqinda hayotimizga kirib kelgan bu onlayn qimor shu qadar tez yiringladiki, bu ketishda u eng katta muammolarimizdan biriga aylanishi ehtimoli bor.

Uvol bo‘lgan taqdir

Bir yigitni yaqindan tanirdim. Istarasi issiq, xushmuomala yigitning oilasi haqida ham iliq fikrlar eshitgandim. Yaqinda u o‘zini osib qo‘yganini eshitib, hang-mang bo‘lib qoldim. Miyamda turli savollar charx ura boshladi: o‘rtoqlari bilan biror muammoga aralashib qoldimikan?”, “Oilasida qandaydir kelishmovchilik bo‘lgandir, balki?”.

Aytishlaricha, gumonlarimning hech biri to‘g‘ri emas, u «1xBet» tavakkalchilikka asoslangan o‘yin tufayli shunday qilgan. Kimdir “9 ming dollar qarz bo‘lgan ekan”, boshqasi “90 milliondan ko‘proqmish”, derdi. Har tugul yigirmani qoralab qolgan yigit bu qarz uchun bu hayotdan ketishga qaror qilishi, bilmadim...

- O‘yin shunday texnik tayyorlanganki, u psixologiyangizga ham kuchli ta’sir qiladi, - deydi bor-budidan ayrilgan, biroq yaqinlarining qo‘llovi bilan “ort”ga qayta olganlardan biri. - Boshida biroz yutganday bo‘lasiz, keyin yutqazishni boshlaysiz. Sizga maslahat kela boshlaydi, qarz olish yoki biron joyni tunash. Xullas, qanaqa odamsan, pul topish sen uchun muammo, qabilada, shunaqangi ishonchli da’vatlar bo‘ladiki, endi yutaman va to‘xtataman, deb o‘ylaysiz. Ammo hammasi siz o‘ylagandek bo‘lmaydi.

Tushkunlikka tushganingizni bilgach, sizga “qutulishning oson yo‘llari haqida yo‘l-yo‘riqlar” kela boshlaydi. Shunday damlar bo‘ladiki, rostdan ham tez kelayotgan mashina tagiga o‘zingizni tashlash, osish muammoga yechimdek tuyuladi. Shu bilan hammasidan qutulaman-ku, deb o‘ylab qolasiz. Astag‘firulloh. 

Suhbatdoshimning gaplarini tinglarkanman, «1xBet» o‘yinida yutqazib qo‘yib, gohida u qadar katta mablag‘ bo‘lmasa-da, o‘z joniga qasd qilganlar xayolimga keladi.

Axir, bundaylar kammi?

Garchi “oxirgi chora”ni qo‘llamagan bo‘lsa-da onlayn qimorga bor-budini tikib, xonavayron bo‘layotganlar haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan xabarlar kammi?

Bir qarashda, qimorga pul tikayotgan odam yosh bolamas, aqli-hushi joyida, demakki, xatti-harakatining oqibatini yaxshi biladi. O‘yinda yutqazdimi, ziyon-zahmati o‘ziga va oilasiga. Shunday bo‘lgach, bosh qotirishga hojat bormikin? Lekin ayni baloga yo‘liqqanlarning firibgarlik, o‘zganing mulkini talon-toroj etish kabi qator jinoyatlarga (ular orasida o‘z joniga qasd qilish ham bor) qo‘l urayotgani bir tomon, o‘yin oqibatida gulday oilalarning parchalanib ketayotgani yana bir muammo.

Bu esa do‘ppini boshdan olib muammo haqida bosh qotirishga, baloni daf qilishga undaydi. Shu xayollar bilan televizor pultini bosarkansiz, ajoyib kanallarning birida «1xBet» reklamasi yalt etib o‘tib qoladi.

Yana o‘yga tolasan, bu masala ko‘pam bahsga arzimaydimi?

Sarob iskanjasi

Sarobga qancha intilmang, unga yetolmaysiz. Nufuzli tashkilotlarning birida xalq tilida aytganda “moyli” joyda ishlaydigan bir yigitning qismati bunga yana bir misol bo‘ldi. Ya’ni, «1xBet»da yutish vasvasasi nafaqat uning o‘zini, balki oilasini ham og‘ir ahvolga solib qo‘ydi.

Rost, aytishlaricha, u boshida bir necha marta yutgan. Buni yaqinlari bilan nishonlagan paytlar ham bo‘lgan. Ammo “Qimorda o‘ynagan emas, o‘ynatgan yutadi”. Aytishlaricha, o‘sha yigit ikki, balki uch yildir «1xBet» o‘ynab topgani milliard so‘m (balki ko‘pam bo‘lgandir) qarz.

O‘lmagan yigitga mol-davlat topiladi, deyishadi. Bu noto‘g‘ri demoqchi emasman. Ammo yuqorida aytilgan qarz haqdor so‘rab kelishni boshlaganda avvaliga qoramollarini sotishdi, ishxonasidan ham birmuncha o‘margan ekan, uni joyiga qo‘yib, ko‘chaga haydaldi. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar zum o‘tmay egalarini topib ketdi.

Qarz tugamagandir-da, yigit yo‘qolib qoldi. O‘ziga to‘q, obro‘li oila emasmi, yigit bir oyning ichida qashshoq bo‘lib qolganiga onaning oriyati chidamadi.

“Yo‘q, rizqi uzilmagan ekan, kimdir qutqarib qolibdi”, deyishdi. Kelin ota uyiga qaytgan, gulday bolalar tirik yetim...

***

Birovning qayg‘usini doston qilish maqsadida emasmiz. Ammo har ikki holat ham ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lgani uchun indamay ketolmadim. Yana o‘ylayman, qimordan qaytarilganlar bugun undan aziyat chekayotganining sababi nimada ekan? Xulosa esa har kimning o‘ziga havola.

Yoqubjon Marqayev.