Samarqandda 8 milliard so‘mdan ko‘proq pul noqonuniy sarflanishining oldi olindi: Bu qay tarzda amalga oshirildi?
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning sifatli, amaldagi tartiblarga mos bo‘lishida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlaring alohida o‘rni bor.
Chunki, bugungi kunda tuman (shahar)dagi markazlar 2 ming 334 ta davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning 1 ming 262 tasi umumta’lim maktablari, 743 tasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 54 tasi tibbiyot muassasalari hamda 275 tasi boshqa davlat organlari va tashkilotlaridir. 2022 yil davomida markazlarga 215 ming 984 ta buyruq va 88 ming 281 ta shartnoma loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kelib tushgan.
Mazkur xujjatlarning 84 foizi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 184 dan ortiq buyruq hamda 73 mingdan ziyod shartnoma loyihalariga ijobiy xulosalar berilgan.
Shuningdek, 16 foizi (29 770 ta buyruq va 16 160 ta shartnoma) belgilangan talablarga javob bermaganligi sababli salbiy xulosa berilgan va rad etilgan.
Lo‘nda qilib aytganda, 45 ming 930 ta qonun talablariga javob bermaydigan yuridik hujjat loyihalarining amaliyotga tadbiq etilishi, markazlarga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yuborilgan 1 ming 181 ta fuqarolik shartnomalar loyihalariga salbiy xulosa berilib, 8 mlrd. so‘mdan ortiq pul mablag‘larining noqonuniy sarflanishining oldi olindi.
Shu kabi amaliyot natijasida yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan qaror va buyruqlar qabul qilinishi kamayishiga erishilmoqda. Biroq bu yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lida barcha ishlar bajarilganligini anglatmaydi.
Shundan kelib chiqib, “Ye-huquqshunos” elektron tizimi imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish, xususan, davlat organlari va tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatishni ta’minlash, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirib borishga qaratilgan targ‘ibot ishlari, seminarlar tashkil qilinmoqda. Ularda davlat tashkilotlarida yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ma’lumot va jarayonlarni elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish imkonini beruvchi “Ye-huquqshunos” elektron tizimining qulayliklari, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida samarali himoya qilinishi, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy, har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash uchun e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar tushuntirib borilmoqda.
Sirojiddin Mamarajabov,
viloyat adliya boshqarmasi xodimi.