Nogironlikni belgilash 2 soatdan 25 daqiqaga qisqardi

Bir paytlar nogironlikka chiqish ko‘p vaqt va anchagina mablag‘ talab etgani uchun bo‘lsa kerak, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiladigan nogironligi bo‘lgan kishilar bu imtiyozdan foydalanmay yuravergan.
Aksincha, nogironligi bo‘lmay turib, korrupsiya aralashgani holda nogironlik hujjatiga ega bo‘lganlar topilib qolardi. Soha xodimlari va bu bilan bog‘liq masalada faoliyat olib boruvchi mutaxassislarning fikricha, endilikda bunday bo‘lmaydi. To‘g‘rirog‘i, iloji ham yo‘q.
Gap shundaki, oktyabr oyidan boshlab nogironlikni belgilash yangicha tartibda, raqamlashtirilgan tarzda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu haqda Ijtimoiy himoya agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Abbosov bilan suhbatlashdik.
- O‘zgarishlar bir yo‘nalishda emas, kompleks tarzda boshlandi, - deydi Sh.Abbosov. - Mamlakatimiz rahbarining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida nogironlikni belgilashda ilgari mavjud bo‘lgan qator bo‘shliqlar to‘ldirildi. Inson omili aralashuvi kamaytirildi. Nafaqat nogironlikni belgilash, balki zarur vositalar ajratish, ularni ish bilan ta’minlash, salomatligi reabilitasiyasi masalalari ham e’tiborga olindi va ushbu jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
- Jarayonlarning eng asosiylari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Bugunga kelib nogironlikni belgilashda vrachlik maslahat komissiyalari o‘rniga oilaviy shifokorlar bemor tibbiy-hujjatlarini o‘rganib, ekspert komissiyasiga o‘zi yo‘naltiradi. Bu orqali vaqt va navbat ancha qisqardi. Ya’ni, ilgari fuqaro faqat ma’lum bir hududdagina faoliyat ko‘rsatuvchi maslahat komissiyalari mavjud poliklinikaga murojaat qilishga majbur edi. Hozirda o‘z hududiy poliklinikasi oilaviy shifokori murojaatni qabul qiladi va hujjatlarni elektron tizimga kiritadi.
Yana bir masala. Shu paytgacha vrachlik maslahat komissiyalar tomonidan bir bemorning hujjatini o‘rganish uchun 40-45 minut vaqt talab etilgan. Endilikda ma’lumotlarni to‘ldirishga ketadigan vaqt 2 soatdan 20-25 daqiqagacha qisqardi.
Avvallari bemor kasallikka aloqasi bo‘lmagan ko‘plab tekshiruvlardan o‘tishi kerak edi. Bunga misol, oyoq amputasiyasiga duchor bo‘lgan bemordan bioximik tekshiruvlar, qon va peshob umumiy tahlili, EKG, rentgen, terapevt, nevrolog, xirurg va travmotolog xulosasi talab etilgan. Bu esa bemor uchun o‘rtacha 400-500 ming so‘m atrofida xarajat degani edi. Qolaversa, nogironligi ko‘rinib turgan bemorlar umuman tekshirilmasdan, faqat ma’lum hujjatlar asosida ularga nogironlik belgilanmoqda.
Bemorlarni tekshiruvlardan o‘tkazish mezonlari ishlab chiqilib, endi bemor faqat standartda ko‘rsatilgan tekshiruvdan bepul o‘tadi.
- Avvalgi standartlar bilan hozirgilar o‘rtasida qanday farqli jihatlar bor?
- Ilgari bunday aniq va batafsil mezonlarning o‘zi mavjud emasdi. Shuning uchun nogironlikni belgilash holatlari juda uzoq muddatga cho‘zilar, tushunmovchilar bo‘lardi. Yangiliklardan eng muhimi - nogironlikni belgilashda yagona standartlar va elektron tizim joriy etilganida bo‘ldi. Chunki avval kasallik turi va bemorning holati bo‘yicha nogironlikni qancha muddatga, qaysi guruhga belgilash hamda reabilitasiya tadbirlarini aniqlashtirish haqida yagona standartlar mavjud bo‘lmaganligi va tizim raqamlashtirilmaganligi sabab nogironlikka doir xulosalarda va belgilashda xatoliklar mavjud bo‘lgan.
Yangi qaror bilan nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar ro‘yxati bo‘yicha nogironlikni yagona mezon (standartlar) asosida elektron belgilash imkoniyati yaratildi. Tizim dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025 yil 1 oktyabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida ishga tushirildi.
Bunda bemorning ma’lumotlari asosida nogironlik guruhi va muddati, o‘zgalar parvarishiga, tibbiy reabilitasiyaga hamda protez moslamasi yoki reabilitasiya vositasiga muhtojligiga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda inson omilisiz "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida shakllantiriladi.
- Protez vositalari, umuman, nogironligi bor kishilar uchun zarur bo‘lgan turli moslamalarni olish qanchalik murakkab bo‘lganini yaxshi bilamiz. Tahririyatga murojaatlar orasida aynan shu mazmundagi shikoyatlar ham ko‘p edi. Bugun bu masalada qanday yangiliklar bor?
- To‘g‘ri eslatdingiz, bu eng og‘riqli masalalardan biri edi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar zarur vositani olish uchun yillab navbatda turgan. Endilikda nogironligi belgilangan shaxslarga ehtiyojiga qarab, vaucher beriladi. Ushbu vaucher orqali fuqaro o‘zi istagan korxonada ishlab chiqarilgan moslamani xarid qilishi mumkin.
- Nogironligi bo‘lsa ham “yugur-yugur”larga toqati yetmay, bu imtiyozdan foydalanmay kelgan insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etardi. Bu holat bugun bartaraf etilayotgandir.
- Albatta. Yuqorida ta’kidlaganimday, bu masaladagi ishlarga kompleks tarzda yondashildi. Xususan, mahallalarda ijtimoiy xodim faoliyat yurita boshladi. Ularning asosiy vazifasi sifatida aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam bilan ishlash, ularning muammolarini o‘rganish belgilandi. Ijtimoiy xodimlar shu paytgacha nogironligi belgilanmagan va yetarlicha tibbiy, ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmagan aholi aniqlanib, ularga tegishli yordam ko‘rsatilmoqda. Raqamlarda nogironlik ko‘rsatkichlarining oshishi ham shu bilan bog‘liq. Bugungi kunda viloyatda 112 mingdan ziyod nogironligi bor fuqarolar mavjud. Shu yilning o‘zida ularning soni 3 ming nafarga ortdi.
- Ularning davolanishi, qolaversa, nogironlik belgilashdan avval shifoxonalardagi davolanish muddatlarida ham o‘zgarishlar bormi?
- Albatta, bor. Nogironlikni belgilashda yana bir muhim yangilik shundan iboratki, endilikda davolanish muddatlari keskin qisqartirildi. Yangi qarorga muvofiq, davolanish talab qilmasdan (zudlik bilan) nogironlik belgilanadigan kasalliklar holati 48 tadan 1147 taga yetkazildi.
Masalan, o‘pka sili operativ davodan keyingi holat va tebranuvchan aritmiyaning doimiy shakli 120 kun o‘rniga zudlik bilan ekspert komissiyasiga yo‘llanadigan bo‘ldi. Kasallik turidan kelib chiqib, davolanish muddatlari qolgan holatlarda 30, 60, 90 va 120 kun qilib belgilandi. Masalan, soxta bo‘g‘imlar kasalligi 30 kun (avval 120 kun bo‘lgan), to‘r parda ko‘chishi va yirtilishida 60 kun (avval 120 kun bo‘lgan), limfa bezlari rakida 90 kun (avval 120 kun bo‘lgan) davolanish talab etiladi.
Bu o‘z navbatida nogironlikni belgilash jarayonini tezlashtirib, fuqarolar ortiqcha sarson bo‘lishining oldini oladi.
Davolanish deganda yana bir muhim jarayon, reabilitasiya markazlarining asosiy faoliyati nogironligi bo‘lgan shaxslarda zamonaviy jihozlar yordamida yashash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarini shakllantirib borish orqali salomatligini yaxshilashga qaratildi. Shunday kasalliklar borki, uzoq vaqt yotib davolanishni taqozo etadi. Bunday holatda bemorlar ruhiyatida ham, jismida harakatsizlikka moyillik singib qoladi va kasallik uzoq muddatga cho‘zilib ketishi mumkin. Reabilitasiya markazlari aynan shunday bemorlarning harakatini yaxshilash, ularning oddiy, kundalik shaxsiy ehtiyojlarini amalga oshirishdagi faolligini kuchaytirishga yordam beradi. Viloyat reabilitasiya markazi bu masalada ko‘plab bemorlarga yordam bermoqda. Shahar va tuman tibbiyot birlashmalari qoshida ham besh o‘rinli reabilitasiya bo‘limlari tashkil etildi.
- Ijtimoiy himoya nogironligi bo‘lgan shaxslarning faqatgina tibbiy jihatlarni emas, ularning moddiy ehtiyojlarini ham nazarda tutadi.
- Albatta, shunday. Qarorda bu masalalar ham tilga olingan. Mehnatga layoqati bor nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish, ularni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga imtiyozlar berish kabi masalalar ham alohida o‘rin egallaydi. Ayni paytga qadar viloyatda besh mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirildi. Yil oxirigacha ular soni 8,5 ming nafarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
- Batafsil ma’lumotlar va suhbat uchun rahmat!
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.