“28 yil oldin o‘zingni oldirib tashlamagan ekanmiz...”
Bugun bir qishloqdoshim bilan telefonda gaplashdim. Mendan 13 yosh kichik yigit. Ammo, juda aqlli, juda barakali yigit. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Iymonli, saxovatpesha boylardan bo‘lib ketgan. Ikki yil oldin qishlog‘imizga borganda ham muvaffaqiyatlarini ko‘rib, ancha xursand bo‘lgandim. Ota-onalarini yubormagan davlati qolmabdi.
Akalarini ham “odam” qilib, o‘zi ishga olibdi. Qo‘yingki, bir oilani qashshoqlikdan chiqarib, o‘ziga to‘q oilalardan qilgan. Hattoki, birovlarning kontraktlarigacha to‘lab bergan barakali yigit bo‘libdi. Ancha suxbatlashdik!
U yigit bilan suhbatimiz tugab, bolaligim esimga tushdi. 5 yoki 6-sinflar edim. Mahallamizdagi masjidning yonida qo‘y boqardim. Masjidga keladigan chollar meni yaxshi ko‘rishardi. Ular bilan ko‘p suhbat qilardim.
Kunlardan bir kun qo‘y boqib tursam, o‘sha masjidda orttirgan bobo jo‘ram, Mardon buva, chorpoyada kampiri bilan ovqatlanib o‘tirishibdi. Meni ko‘rib, "Kel, manavi uzumdan ol!" deb chaqirib olishdi.
Mardon buva men bilan gaplashishni yoqtirar edi. Gaplashib o‘tirsak, Mardon buvani yaqinda turmushga chiqqan qizi kirib keldi va chorpoyaning bir chetiga yig‘lamsirab o‘tirdi. Mardon buvani kampiri "Chol, qizingiz qornidagi bolasini oldirmoqchi ekan. Eri ikkita bolamiz bor, o‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan bo‘lsak, uchinchisi kerakmas deyabdi ekan" dedi.
Bu gapni eshitgan Mardon buvaning ko‘zlarida g‘azab to‘ldi. Kampir bilan qiz uyoqda tursin, men ham qo‘rqib ketdim. "Xo‘sh, ering shunaqa deyabdi ekan. Senchi?" dedi qiziga qarab! Qizning o‘rniga kampir javob berdi. "Qizingiz ham, ikkita bolani katta qilguncha qiynalibdi. Qizingiz ham rozi ekan" dedi. Mardon buva bu gapni eshitib, boyagidanda vajohatli ko‘rinib ketdi va "Afsus, afsus" dedi. Keyin, qiz: "Nimaga afsus deyabsiz, dada?" dedi. "Bundan 28 yil oldin, onang senga homiladorlik paytida seni ham oldirib tashlamagan ekanmiz. Afsus!" dedi. Shu yerda suhbat tugadi. Hamma har tarafga ketdi.
Boyagi gap o‘sha qizga ham, kuyovga ham qattiq ta’sir qilgan shekilli, o‘sha farzandni dunyoga keltirishdi. O‘sha yigit, men bilan bugun telefonda gaplashgan saxovatpesha boyvachcha yigit!
Shunday, azizlar, ertaga nima bo‘lishini, qanday bo‘lishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Qayerdan bilasiz bugun siz har xil sabablarni ro‘kach qilib, oldirib tashlamoqchi bo‘layotgan bolangiz, sizni xaloskoringiz bo‘lar, sizga toj kiydiradiganlardan bo‘lar!
Bahodir Iskandarov,
Tokio, Yaponiya.