340 dan ortiq korxona tovar aylanmasini yashirgan
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan 341 ta tadbirkorlik sub’yektiga 2,6 milliard so‘mlik elektr-energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa-da, ushbu korxonalar hududiy DSIlarga tovar aylanmalarini “0” ko‘rsatganligi aniqlangan.
Bu haqda viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev kecha o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n beshinchi sessiyasida deputatlarga ma’lum qildi.
Viloyat bo‘yicha 215 tadbirkorlik sub’yektida 5,3 milliard so‘mlik elektr energiyasi yetkazilgan, tovar aylanmasi 8,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Biroq Oqdaryo tumanida (8 ta), Past Darg‘om tumanida (15 ta) va Narpay tumanida (6 ta) korxonada iste’mol qilingan elektr energiyasidan tovar aylanmasini kamaytirib ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, Urgut tumanidagi 63 ta sub’yektga 2,3 milliard so‘mlik elektr energiya yetkazib berilgan. Bu korxonalar tomonidan hududiy DSIlarga topshirilgan hisobotlarda tovar aylanma hajmi 3,9 milliard so‘mni tashkil etgan. Shundan 19 ta korxonaning iste’mol qilingan elektr energiyasi 719 million so‘m, tovar aylanmasi esa 327 million so‘m qilib DSI hisobotida kamaytirib ko‘rsatilgan.
Misol uchun, "ULUG‘BEK" mas’uliyati cheklangan jamiyati iste’mol qilingan elektr energiya 58,7 million so‘m tovar aylanmasi esa 2,4 million so‘m, "GAVXAR" xususiy korxonasi iste’mol qilingan elektr energiya 8,9 million so‘m tovar aylanmasi esa 1 million so‘m, "JAMOLIDDIN ABUBAKR" xususiy korxonasi iste’mol qilingan elektr energiya 43,9 million so‘m, tovar aylanmasi esa 8 million so‘m, "TOSHARIQ G‘ISHTLARI" korxonasi iste’mol qilingan elektr energiya 34,1 million so‘m, tovar aylanmasi esa 35 million so‘m ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha hududlarda ishchi guruhlar tuzib, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan mulklarni xatlovdan o‘tkazish va DSI bazasiga soliq to‘lovchi sifatida qamrab olish, soliq organlari tomonidan qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va ularni qamrab olish bo‘yicha har bir ko‘rsatkichlarni to‘g‘ri va sifatli tahlil qilish ishlarini yanada jadallashtirish takliflari bildirildi.