Viloyatda 18 ta kichik va mikro GES barpo etilishi rejalashtirilgan
Shundan 7 tasi "O‘zbekgidroenergo" AJ buyurtmachiligida, 11 tasi tadbirkorlar tomonidan quriladi.
Yil yakunigacha to‘qqiz tumanda tadbirkorlar tomonidan 75 MVTli 9 ta kichik foto elektr stansiyalar qurilishi kutilmoqda. Xususan, Toyloq tumanida ularning soni 2 ta va har biri 10 MVT quvvatga ega bo‘ladi. Shunday quvvatga (10 MVT) ega foto elektr stansiyalar Samarqand shahri, Toyloq, Payariq, Paxtachi va Urgut tumanlarida ham quriladi.
Jomboy, Nurobod va Past Darg‘om tumanlarida quriladigan foto elektr stansiyalar 5 MVT quvvatga ega bo‘ladi.
Nurobod tumanida “AKWA POWYeR” korxonasi tomonidan rejalashtirilayotgan 1000 MVT quvvatga ega fotoelektr stansiya qurilishi dekabr oyidan boshlanadi.
Narpay tumanida esa 2025 yilgacha quvvati 200 MVT bo‘lgan gaz porshenli elektr stansiyasi barpo etiladi.
Shuningdek, Bulung‘ur, Jomboy va Payariq tumanlarida jami quvvati 500 MVT bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yer maydoni tanlab olinib, 7 ta meteorologik machtalar o‘rnatilgan. Machtalar orqali hududdagi shamol kuchi, yo‘nalishi va boshqa ma’lumotlar yig‘ilib, loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari dekabr oyida boshlanishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, salkam 17 ming xonadonga jami quvvati 12 MVT bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Viloyatdagi 260 ta ijtimoiy soha ob’yektiga 1,30 MVT elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quyosh panellari o‘rnatiladi.