Mikro GESlar aholining energiyaga bo‘lgan talabini qondiradi

Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishda minigidroelektr stansiyalar qulay va samarali bo‘lmoqda. Ular umumiy tarmoqqa ulanmasdan, har bir hudud va mahalla kesimida aholini elektr bilan ta’minlay oladi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Gidroelektrostansiyalarning qulayligi shundaki, ular suvi kam daryo yoki kanallarda ham muntazam elektr ishlab chiqarishi mumkin.
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2024-2025 yillarda viloyatimizda beshta mikrogidroelektr stansiya quriladi. Ulardan biri - Past Darg‘om tumanida quvvati 760 kVt bo‘lgan Mikro GES-3 foydalanishga topshirilgan. Ayni vaqtda tumanda bunyod etilayotgan 5 ta mikroGESdan ikkitasi foydalanishga qabul qilingan. Umuman, bugun “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Samarqand GESlari kaskadi” filiali 8 ta katta GES va 10 ta mikro GESlardan iborat bo‘lib, ularda 165 nafar malakali muhandis-xodimlar mehnat qilmoqda. Bugungacha ishga tushirilgan 8 ta kichik gidroelektrostansiyalarning umumiy quvvati 69,9 megavattni tashkil etadi.
- Darg‘om kanalida qurilgan stansiyamizga o‘rnatilgan qurilmalar Xitoyning «JINLUN» kompaniyasi tomonidan olib kelingan bo‘lib, ular elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qulay va samarali hisoblanadi, - deydi MikroGES-3 boshlig‘i Azimjon Isroilov. - Hozirda mazkur GES sutkasiga 15-18 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Bu 400 ta xonadonni elektr energiya bilan ta’minlashga yetadi.
Viloyatda dastur bo‘yicha 107 ta kichik GES qurish ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozircha ulardan 16 tasining loyiha hujjatlari tasdiqlangan. Aksariyat mikro GESlar Darg‘om kanalida quriladi va ularning elektr ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 2 million kVt/soatni tashkil etadi. Shuningdek, kanalning Urgut tumani hududida ham yana shunday to‘rtta mikro GES qurilishi davom etmoqda.
- Keyingi to‘rt yilda 5 ta mikro GES qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 3 tasi o‘z faoliyatini boshladi, - deydi "Samarqand GESlar kaskadi" filiali direktori Baxtiyor Pirmuhammedov. – Ayni vaqtda 2 ta mikro GESda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Tez orada ular ham foydalanishga topshirilgach, gidroelektrostansiyalarimizning jami quvvati 5,1 megavattga yetadi. Belgilangan dasturlar asosida tasdiqlangan 16 ta loyihaning 11 tasini xususiy mablag‘lar hisobiga amalga oshirish rejalashtirilgan.
2024 yilda Toyloq tumanining Galabotir mahallasi hududida qurilgan "Shovdor" GES-3ga malakali muhandis U.Mamatov boshchilik qiladi. Quvvati 6,4 MVT bo‘lgan mazkur gidrostansiyaning 2 ta kuchli qurilmalari Rossiyadan olib kelingan. 18,4 million dollar evaziga barpo etilgan mazkur stansiya yiliga 32,5 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
- Hozirda mazkur GES sutkasiga 120-140 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda, - deydi U.Mamatov. - Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tumanning 10 dan ziyod mahallasida istiqomat qilayotgan 17 mingga yaqin aholi xonadonlarini charog‘on etyapti. Avtomatlashtirilgan zamonaviy qurilma va gidrogeneratorlar ishlatishga juda qulay, inson omilini sezilarli ravishda kamaytirishi bilan eski GESlardan butunlay farq qiladi.
Mikro GESlar elektr energiyasi ishlab chiqarishda samaradorligi va sarflangan mablag‘ni tezda qoplashi bilan o‘zini oqlagan. Shu sabab yurtimizda ularning sonini ko‘paytirish hamda ularga ketadigan qurilmalarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish uchun davlatimiz, xususan, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan salmoqli mablag‘ sarflanmoqda. Bu ishlar amalga oshadigan bo‘lsa, suv sarfi kam bo‘lgan daryo va kanallarda ham bunday kichik loyihalarning soni ko‘payadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.