Yangi GESlar aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondira oladimi?
Elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalardan, xususan, mavjud suv salohiyatidan samarali foydalanish kichik va o‘rta quvvatdagi GESlarni ishga tushirishda muhim yechim hisoblanadi. Yurtimizda mazkur GESlarni qurish orqali aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish imkoni yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 9 sentyabrdagi «Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, viloyatimizda ham 16 ta mikro va kichik GESlar qurilishi ko‘zda tutilgan, - deydi “O‘zgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 1-son qurilish direksiyasi bosh mutaxassisi Abdulaziz Tojiyev. - Dunyo miqyosida rivojlangan davlatlar AES va IESlardan voz kechib, GESlardan ko‘proq foydalanayotganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bugungi kunda viloyatimiz hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanalida ikkita kichik GES qurilib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, Toyloq tumanidagi Novzandak mahallasi hududida qurilgan "Shovdor" GESi doimiy elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Joriy yilning may oyida ishga tushirilgan mazkur kichik gidroelektrostansiya “TVEA” kompaniyasining (Xitoy) 15 million dollarlik investitsiya mablag‘lari hisobidan qurilgan bo‘lib, uning 2 ta gidrogeneratorlari soatiga 7,2 MVt tok ishlab chiqarish quvvatiga ega.
- Yangi qurilgan GESlardagi zamonaviy avtomatlashtirilgan qurilma va gidrogeneratorlarni ishlatish juda qulay bo‘lib, inson omilini sezilarli kamaytirishi bilan eski GESlardan butunlay farq qiladi, - deydi "Shovdor -1" GESi boshlig‘i Farhod Tohirov. – Butun boshli GES kompyuterlar yordamida boshqariladi. Biror joyda nosozlik paydo bo‘lsa, zamonaviy dasturlar orqali aniqlab, zudlik bilan sozlaymiz. Ayni vaqtda to‘g‘on orqali soniyasiga 80 kub suv o‘tadi. Bu esa 10 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli bo‘lyapti.
Mana, to‘rt oydirki kanalning Elipok mahallasi hududida ham “TVEA” kompaniyasi mablag‘lari hisobidan “To‘palang HPD xolding” MChJ quruvchilari tomonidan qurilgan yana bir kichik "Shovdor-2" GESi ham aholi uchun elektr toki yetkazib beryapti.
Xitoydan kelgan 4-5 nafar mutaxassis qurilish ishlariga ham, uni boshqarishda ham katta yordam berishmoqda. Asosiy butlovchi qurilmalar, gidrogeneratorlar xitoylik hamkorlar tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, ularning yordamisiz boshqarish qiyin albatta.
- Darg‘om kanalida yana ko‘plab kichik GESlar qurish mumkin, - deydi “TVEA” kompaniyasi mutaxassisi Li Bang. – Biroq ularni yaxshilab o‘rganib, keyin manzilini aniqlash kerak. Mahalliy mutaxassislar zamonaviy texnologiyalarni juda tez o‘zlashtirib olishmoqda. Ularga bemalol ishonsa bo‘ladi.
Tumanda ikkita GESning qurilishi aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini bir qismini qoplashi bilan birga 20 yaqin mutaxassislarni ish bilan ta’minladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchil oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini yanada ko‘proq qondirishni ta’minlash maqsadida kanal hududida xususiy investorlar yordamida yana 9 ta mikro GESlar qurish rejalashtirilgan.
Tumanning Galabotir mahallasida ham Rossiyaning “Silovie mashini” aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda kichik GES qurilishi davom etmoqda. Hamkorlarimizning 18,4 million dollarlik investitsiya mablag‘lari hisobidan qurilayotgan "Shovdor-3" GESining dastlabki gidrogeneratorini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Hozirda qurilish ishlarida 180 nafardan ziyod quruvchilar va 20 dan ziyod maxsus texnikalar kechayu-kunduz ishlamoqda.
- Soatiga 6,4 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarishi ko‘zda tutilayotgan mazkur kichik stansiyaning generatorlari “Uralgidromash” (Rossiya) kompaniyasi tomonidan olib kelinib, montaj qilinmoqda, - deydi “Energoresurs” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi mutaxassisi Aleksey Maxarinskiy. – Birinchi generator joriy yilning 1 sentyabrgacha ishga tushirilsa, ikkinchisi yana bir oydan so‘ng ishlaydi. Xullas, joriy yil yakunigacha GES to‘liq quvvat bilan ishlab, elektr energiyasini bera boshlaydi.
Yangi GESlar qurilishi bilan birga ishlab turgan elektrostansiyalar ham qayta madernizatsiyalashmoqda. Jumladan “Samarqand GESlari kaskadi” unitar korxonasiga qarashli "Xishrav" GESida ham zamonaviylashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda.
- Yurtimizda yashil energetikaga ahamiyat berilayotgan bugungi kunda o‘tgan asrning 70-80 yillaridan buyon ishlatilib kelinayotgan GESlarning qayta zamonaviy texnologiyalar bilan yangilanishi kerak, -deydi “Samarqand GESlar kaskadi” unitar korxonasi ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Shahzod O‘lmasov. - Prezidentimizning “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yil noyabr oyidan boshlab "Xishrav" GESi (GES-2B)da investitsiya loyihalari asosida modernizatsiya ishlari boshlab yuborilgan. Hozirda Xitoyning “SNTIC” kompaniyasining muhandislari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari yakunlandi. Modernizatsiya ishlarida o‘zimizning yosh muhandislar ham ishtirok etmoqda. Chunki kelajakda ular yirik gidrostansiyalarni boshqarishadi. Shuning uchun ham ular zamonaviy elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish, joriy va mukammal ta’mirlashni ham o‘rganib olishlari zarur.
Mazkur kichik gidroelektrostansiyalardan tashqari xususiy investorlarga quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikro gidroelektrstansiyalarni qurish uchun taklif etilayotgan loyihalar mavjud. Jumladan, Toyloq tumanida yana 3 ta, Urgut tumani Aylanma Darg‘om kanalida 6 ta mikro GESlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, investorlar yordamida Ishtixon tumanidan oqib o‘tgan Miyonqol-Xatirchi kanalida 2 ta, Zarafshon daryosining Bulung‘ur tumani hududida 3 ta, Jomboy tumani qismida 2 ta, jami 16 ta mikro GES qurish takliflari berilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.