Adiz Boboyev Nara prefekturasi gubernatori o‘rinbosari bilan uchrashdi

Xabar berganimizdek, ayni kunlarda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev boshchiligidagi viloyatimiz delegatsiyasi Yaponiyada bo‘lib turibdi.

A.Boboyev tashrif doirasida Nara prefekturasi gubernatori o‘rinbosari bilan tor doirada muloqot o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

 Uchrashuvda hududlararo savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashilib, bu boradagi imkoniyatlardan samarali foydalanish har jihatdan manfaatli ekanligiga to‘xtalib o‘tildi.

To‘qimachilik, farmatsevtika, metallurgiya va elektrotexnika sanoati, ta’lim va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinib, bu borada o‘zaro hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Adiz Boboyev Yaponiyadagi sochiq va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Masui Co.Ltd" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda to‘qimachilik sanoatida muhim o‘rin tutadigan yuqori sifatli paxta xomashyosi va tayyor iplar yetkazib berish va bu boradagi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Tomonlar Samarqand viloyati paxta yetishtirishda mamlakatdagi yetakchi hududlardan biri hisoblanishi, Yaponiyada esa sifatli, ekologik toza mahsulotlarga doimo talab yuqori ekanligidan kelib chiqib, o‘zaro hamkorlikda ishlashga kelishib olishdi.