"Afrosiyob" va boshqa poyezdlarga nega chipta yetishmayapti?
Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchi poyezdlar chiptalari chayqovchilar qo‘liga chiqib ketgani bois chiptaxonalarda chipta qolmagani haqida xabarlar tarqaldi. "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda poyezd chiptalarini chayqovchilar umuman olib sota olmaydi. Chunki, chiptalar yo‘lovchiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida yozib beriladi va temir yo‘l vokzallariga kirishda yo‘lovchilarning chiptalari zamonaviy uskunalar bilan tekshiriladi.
Mamlakatda an’anaviy tarzda nishonlanadigan bayramlar, qishki ta’til, qolaversa sayyohlik mavsumi mobaynida temiryo‘l transportiga bo‘lgan talab ortmoqda. Temir yo‘l transporti xavfsiz va ishonchliligi bois, yo‘lovchilar jo‘nash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda. Shu bois, bayramlar arafasida chiptalar yetishmasligi ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otmoqda. "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ tomonidan imkoniyatdan kelib chiqib, qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar, qo‘shimcha vagonlar ham qo‘yib kelinmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda har kuni yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta "Afrosiyob" poyezdining 12 ta qatnovi amalga oshirilmoqda. Respublikaning barcha hududlariga esa 30 ga yaqin yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Temir yo‘l transporti orqali bir sutkada 25 000 dan ziyod yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazib qo‘yilmoqda. Yo‘lovchilarga chipta xarid qilishda qulayliklar yaratish maqsadida chiptalarning elektron tarzda sotuvi yo‘lga qo‘yildi.
Chiptalarni har qanday yo‘lovchi uzrailwaystickets ilovasi hamda chipta.railway.uz sayti orqali 45 kun oldindan xarid qilib olishi mumkin.