Toshkentdan Samarqandga yanada tez: yangi temir yo‘l loyihasi tayyor
Transport vazirligi ma’lum qilishicha, “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi tashish temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) bo‘yicha yakuniy hisobot taqdim etildi.
Mazkur loyiha bo‘yicha TIA ishlab chiqish jarayonlariga 2025 yil 14 fevral kuni start berilgan edi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun Koreya Eksport-import banki tomonidan 3 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan.

Qayd etilishicha, yakuniy hisobot Janubiy Koreyaning “Saman Engineering”, “Dong Myeong Engineering Consultants & Architecture Co., Ltd”, “Korea Railroad Corporation” va “Korea National Railway” kompaniyalaridan iborat konsorsium tomonidan tayyorlangan.
Taqdimot marosimida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Koreya Eksimbankning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjin Kang, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov, shuningdek xalqaro moliya institutlari va tegishli vazirlik-idoralar vakillari ishtirok etdi.