Aksiya: "NIKOH YoShI ENDI 18!"
Sir emas, qizlarning oilaviy hayotga jismonan va ma’nan tayyor emasligi oilaviy nizolarga, ajrimlar soni ortishiga sabab bo‘lyapti. Bir tasavvur qiling, 17 yoshli qiz hali maktabni, kasb-hunar kollejini tamomlamagan yoshda turmush qurdi: endi o‘qib o‘rganayotgan bu davrda qizlar na pazandalikni, na xonadonini sarishta tutishni biladi. Bu ham yetmagandek, o‘zini tuta bilish, doimo tavozeda bo‘lishga kelganda bu yosh davridagi qiziqqonlik oilaviy hayotda pand beradi.
Shulardan kelib chiqib, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida shahar hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi, FHDYo organlari hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida "Nikoh yoshi endi 18!" aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiyada mutaxassislar tomonidan erta tug‘ruq, oilaviy muammolarning oldini olish nikoh yoshining belgilanishiga borib taqalishi, bunda har bir davlat aholisining nikohga munosabati va reproduktiv holatidan kelib chiqib ish yuritishi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan shaxslarning barchasi bola hisoblanishi yoshlarga tushuntirildi. Mavzuga doir tarqatma materiallar berildi.
Aksiyada mahalla faollari, yoshlar, shuningdek, davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi va shahar markazi mutaxassislari faol ishtirok etdi.
Abdujabbor PO‘LATOV.