“DNK” tekshiruvi bilan nikohsiz tug‘ilgan bolaning otasi kimligi aniqlandi

E’zoza Karimova (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, 2017 yilda ammasining o‘g‘li Mansur Nazarov bilan unashtirilganligini, u bilan uchrashib turishi natijasida homilador bo‘lib qolganligini bildirgan.

Shuningdek, 2018 yilda farzandi tug‘ilganligini, javobgar farzandni tan olmayotganligini, undan va farzandidan xabar olmayotganligini, tuy ham bo‘lmaganligini, Mansur Nazarovni Ilhom Karimovning otasi deb belgilab, javobgardan farzandining ta’minoti uchun aliment undirib berishni so‘ragan.

Sud jarayonida taraflar bola tug‘ilgunga qadar hech narsani bilmasligini, da’vogar E.Karimova kollej o‘quvchisi ekanligini, homiladorligini o‘zi ham sezmaganligini, kunlarning birida oilada hushini yo‘qotgani uchun shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari kelib tibbiy yordam ko‘rsatganligi va uning homiladorligi, to‘lg‘oq vaqti yetib kelganligini ma’lum qilib, zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limiga joylashtirilganligini va o‘g‘il farzand tug‘ilganligini ma’lum qilingan.

Taraflar qonuniy nikohdan o‘tmaganligi sababli E.Karimova yolg‘iz ona sifatida bolaga o‘z familiyasi bilan tuman FHDYo bo‘limi orqali tug‘ilganlik haqida guvohnoma olgan.

Sud jarayonida javobgar Mansur Nazarov ushbu tasodifiy qo‘yilgan talabga e’tiroz bildirib, da’vogar bilan unashtirilganligini, bir necha marta uchrashganligini, lekin farzandli bo‘lish xayoliga ham kelmaganligini ma’lum qilib, tegishli tartibda sud tibbiy ekspertizasi (DNK ekspertizasi) o‘tkazishlikni so‘radi.

Taraflarga va ularning ota-onalariga sud jarayonida hech bir DNK tekshiruvisiz opa va ukaning qarindoshlik rishtalarini bog‘lagan holda, bolaga FHDYo orqali otaligini ixtiyoriy tan olib, to‘y-tomosha bilan kelin va nabirani uyga olib ketish tushuntirildi. Ammo...

Belgilangan tartibda sud tibbiy ekspertizasi tayinlanib, taraflar barchasi chaqaloq bilan birgalikda X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertizasi markaziga yo‘l olishdi.

Markaz ekspertlarining tegishli qon namunalari asosidagi xulosalari asosida 2018 yilda tug‘ilgan Ilhom Karimovning otasi Mansur Nazarov ekanligi tasdiqlandi. Sud javobgar Mansur Nazarovdan aliment undirishni ham belgiladi.

Bir sho‘xlik, beodoblik ortidan yangi bir oila vujudga kelmasdan buzildi, bir-birlari bilan qarindoshlik rishtalari uzildi.

Kamol NAMOZOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.