Sud biologik ekspertizasi odam DNKsini qon namunasi yoki soch tolasidan darhol aniqlab beradi
Fuqarolar tomonidan odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda va anonim ekspertizalar tayinlashmoqda. Lekin aholining ko‘pchiligida odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga anonim murojaat qilish tartibi yuzasidan ma’lumotlar kam va tushunchalar yetarli darajada emas. Shu sababli odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga anonim murojaat qilish tartibi yuzasidan ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim DNK tadqiqotlari haqida tushuncha:
- Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlar o‘tkaziladi, ya’ni tekshirish ob’yektlarini taqdim qiluvchilardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va h.k) talab qilinmaydi, so‘rov anketasida shaxsga doir ma’lumotlar ko‘rsatilmaydi, tadqiqotning turi va taqdim qilinayotgan biologik materiallar maxsus belgilar orqali ifodalanadi. Tadqiqot natijasi yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim DNK tadqiqotlari quyidagi masalalarni hal qiladi:
- biologik otalik faktini aniqlash
- biologik onalik faktini aniqlash
- biologik aka-ukalik faktini aniqlash
- biologik opa-singillik faktini aniqlash
- biologik bobo-buvalik faktini aniqlash
- ota avlod bo‘yicha biologik qarindoshlikni aniqlash (Y-xromosoma bo‘yicha)
- tashuvchi (tekshirish uchun taqdim qilingan ob’yekt)dagi biologik iz genotipini aniqlash
- tashuvchi (tekshirish uchun taqdim qilingan ob’yekt)dagi biologik izning jinsini aniqlash
- tashuvchi (tekshirish uchun taqdim qilingan ob’yekt)dagi biologik izning kimga tegishli ekanligini aniqlash (agar solishtirma namunasi taqdim qilinsa).
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim DNK tadqiqotlariga tekshirtirishlik uchun quyidagi odam biologik materiallarni taqdim qilish mumkin.
- qon namunasi
- so‘lak namunasi
- soch tolasi
- tirnoq osti biomateriallar
- mushak to‘qimasi
- suyak to‘qimasi
- maniy
O‘zida odam biomateriallarini saqlovchi quyidagi ob’yektlarni taqdim qilish mumkin.
- tish tozalagich (щyotka), misvak tayoqchasi
- saqich
- bolalar so‘rg‘ichi, so‘rg‘ichli idishlar
- ishlatilgan ichimlik naychasi
- soqol olish vositalari
- taroq
- kiyilgan paypoq
- ishlatilgan dastro‘molcha, salfetka
- ishlatilgan bir martalik qo‘lqop
- qo‘l soati, braslet yoki katta hajmli taqinchoqlar
- sochiq, choyshab, kiyim va boshqa narsalarda qon, ter dog‘lar mavjud sohalaridan qirqmalar.
- ayollar gigiyenik vositalari kabilar.
Anonim DNK tadqiqotlariga tekshirtirishlik uchun namunalarni olish va qadoqlashda amal qilinishi zarur bo‘lgan qo‘shimcha maslahatlar:
- biologik namunalarni olishda qo‘llarga sterillangan bir martalik qo‘lqoplarni kiyish va qo‘lqop kiyilgan qo‘l bilan yuz, burun, quloq yoki boshqa a’zolarga teginmaslik kerak;
- olingan namunalarni polietilen paketlarga yoki shunga o‘xshash havo o‘tkazmaydigan qadoqlarga solish mumkin emas;
- biologik namunalarni ilgari ishlatilmagan, toza qog‘ozga yoki qog‘oz konvertlarga qadoqlash maqsadga muvofiq.
Hozirgi kunda odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyalari Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hamda markazning Samarqand viloyati bo‘limida mavjud.
A.Mardiyev,
Respublika sud ekspertizasi markazining Samarqand viloyati bo‘limi laboratoriyasi eksperti.