Alkogol mahsulotlari sotilish narxlariga cheklov qo‘yildi
Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 23 dekabrdagi “Alkogolli mahsulotlar uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlarni joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, alkogol mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va sotishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida 2010 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlari (pivodan tashqari) uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlar joriy etilgan.
Qarorning 2-bandiga ko‘ra, alkogol mahsulotlari uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlar qayta ko‘rib chiqilib, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 16 martdagi 16, 2021-16-son “Alkogol mahsulotlari uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlarni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil 20 martda 3288-son bilan ro‘yxatga olindi.
Ushbu qaror 2021 yil 20 martdan kuchga kirdi va unga muvofiq alkogol mahsulotlari (pivodan tashqari) uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlar 2021 yil 20 martdan boshlab quyidagi miqdorlarda belgilandi:
Realizatsiya qilinadigan tovar nomi |
Ishlab chiqaruvchi korxonalarning eng kam ulgurji-sotish narxlari |
Eng kamchakana narxlar |
Vino, 1 litr tayyor mahsulot uchun so‘m hisobida |
11 200 |
13 200 |
Konyak, 1 litr tayyormahsulotuchun so‘m hisobida |
41 200 |
49 400 |
Aroqva boshqa alkogol mahsulotlari, 1 litr tayyor mahsulot uchun so‘m hisobida |
28 600 |
34 400 |
Bunda, har bir sig‘imdagi alkogol mahsulotlarini eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlari 1 litr tayyor mahsulot uchun belgilangan eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlardan kelib chiqqan holda mutanosib ravishda to‘g‘ri belgilanishi lozim.
2021 yil 20 martdan boshlab alkogol mahsulotlari yuqoridagi qarorda belgilangan eng kam narxlardan past narxlarda sotilishi mumkin emas.
Bunda, 2021 yil 20 mart holatiga ishlab chiqaruvchi korxonalardagi hamda chakana savdo korxonalaridagi alkogol mahsulotlarining qoldiqlari ham 2021 yil 20 martdan kuchga kiradigan eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlardan past bo‘lmagan narxlarda sotilishi lozim.
Alkogol mahsulotlarining qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlardan past narxlarda sotilganligi uchun ushbu mahsulotlarni tayyorlovchi (ishlab chiqaruvchi) korxonalarga hamda chakana savdo korxonalariga nisbatan tegishli jarimalar qo‘llaniladi, aybdor shaxslar esa qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-son qarorining 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 49-bandiga ko‘ra, alkogolli mahsulotlar (pivodan tashqari) qonun hujjatlarida belgilangan minimal ulgurji-sotish narxlaridan past narxlarda sotilishi holatlari aniqlangan taqdirda, alkogolli mahsulotlarni (pivodan tashqari) tayyorlovchi korxonaga nisbatan quyidagicha jarima qo‘llaniladi:
- alkogoli mahsulotlarni (pivodan tashqari) ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan minimal ulgurji-sotish narxlaridan past narxlarda sotilgan qiymatning 20 foizi miqdorida, biroq belgilangan eng kam oylik ish haqining kamida 200 baravari miqdorida;
- jarima qo‘llanilgandan keyin bir yil mobaynida aynan o‘sha qoida buzish takroran aniqlanganda – alkogolli mahsulotlarni (pivodan tashqari) ishlab chiqargan korxona tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan minimal ulgurji-sotish narxlaridan past narxlarda sotilgan qiymatning 50 foizi miqdorida, biroq belgilangan eng kam oylik ish haqining kamida 300 baravari miqdorida.
Ushbu jarima summalarini aniqlashda sotilgan alkogolli mahsulotlar (pivodan tashqari) qiymati qonun hujjatlarida belgilangan minimal ulgurji-sotish narxi bo‘yicha hisoblab chiqiladi.
Chakana savdoda alkogol mahsulotlari qonun hujjatlarida belgilangan eng kam chakana narxlardan past narxlarda sotilganlik hollari aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 16 martdagi “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalari buzilganligi uchun yuridik shaxslarga alkogolli mahsulotlar bilan savdo qilish huquqidan mahrum etilgan holda, eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solinadi hamda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladi.
Bobur AShUROV,
Samarqand viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi byudjet daromadlar bazasini mustahkamlash va byudjetlararo munosabatlar bo‘limi boshlig‘i.